Chorvoqqa Toshkentdan doimiy avtobus qatnovi yo'lga qo'yildi

    Ushbu yo'nalishda yo'lkira narxi 15 000 so'm etib belgilangan.

    Toshkent viloyatining Bo'stonliq tumaniga poytaxtdan ("Chorvoq" erkin turistik zonasiga) grafik asosida qatnovchi avtobuslar harakati yo'lga qo'yildi. Bu haqida Transport vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.

    Avtobuslar "Mashinasozlar metro bekati — Chorvoq" yo'nalishida har kuni uchta grafik asosida harakatlanadi. Qatnov masofasi 75 km bo'lgan yo'nalishda yo'lovchilar belgilangan manzilga 1 soat 10 daqiqada yetib boradi.

    Avtobuslar Mashinasozlar metro bekatidan soat 7:00, 13:00 va 18:00 da jo'naydi. Chorvoqdan esa 6:00, 11:00 va 16:00 harakatlanadi.

    Qatnovlar "Uzautotrans service" korxonasining Yutong avtobuslarida amalga oshirilmoqda. Ushbu yo'nalishda yo'lkira narxi 15 000 so'm etib belgilangan.