Chuchuk suv zaxiralari keskin tarzda kamayib borayotgani aniqlandi

    Yerda chuchuk suv zaxirasi juda tez sur'atda kamayib bormoqda – Arizona shtati universiteti tadqiqotchilari 20 yildan ortiq sun'iy yo'ldosh kuzatuvlarini tahlil qilib, shunday xulosaga kelishdi.

    2002-yildan beri quruqlikda suv zaxiralarining rekord darajada qisqarishi qayd etildi, bu asosan iqlim o'zgarishi, yer osti suvlaridan haddan tashqari ko'p foydalanish va tez-tez kuzatilayotgan qurg'oqchilik bilan bog'liq.

    Tadqiqot mualliflarining qayd etishicha, qurg'oqchil hududlar har yili Kaliforniya shtatidan ikki barobar kattaroq maydonga kengayib bormoqda. Yer osti suvlarining yo'qolishi dengiz sathining ko'tarilishiga Grenlandiya va Antarktida muzliklarining erishidan ko'ra ko'proq “hissa” qo'shmoqda. GRACE va GRACE-FO sun'iy yo'ldoshlariga ko'ra, yo'qolgan suvning 68 foizi yer osti manbalariga taalluqli.

    Tadqiqotda Shimoliy yarim sharda to'rtta o'ta qurg'oqchil mintaqani aniqlandi: janubi-g'arbiy Shimoliy Amerika va Meksika, shimoliy Kanada va Alyaska, Shimoliy Rossiya va Yaqin Sharqdan Shimoliy Afrika va Yevrosiyogacha bo'lgan kamar. Bu zonalarga yirik qishloq xo'jaligi hududlari, megapolislar, Kaspiy va Orol dengizlari kabi suv havzalari kiradi.

    Olimlarning ogohlantirishicha, suv resurslarini barqaror boshqarish bo'yicha shoshilinch choralar ko'rilmasa, bu insoniyat oziq-ovqat, biologik xilma-xillik, barqarorlik va milliardlab odamlarning turmush tarziga tahdid solishi mumkin. Tadqiqot Jahon bankining global yer suvsizlanishining ijtimoiy-iqtisodiy ta'siri bo'yicha yangi hisobotiga asos bo'ladi, deb xabar beradi lenta.ru.