“Chuqursoy” bojxona postida salkam 23 milliard soʻmlik huquqbuzarlik holatlariga chek qoʻyilgan

    Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish bojxona organlari oldida turgan asosiy vazifalardan biri hisoblanadi.

    Bu borada Toshkent shahar bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, boshqarmaning “Chuqursoy” bojxona postida navbatdagi qonunbuzilish holatlari fosh etildi. Xorijdan keltirilgan transport vositasi belgilangan tartibda bojxona nazoratidan oʻtkazilganda, erkin muomalaga chiqarish bojxona rejimiga rasmiylashtirish uchun taqdim etilgan bojxona yuk deklaratsiyasi, unga tegishli hujjatlar va transport vositasi koʻrikdan oʻtkazilganida, hujjatlarda mazkur transport vositasi 2015-yilda ishlab chiqarilgan deya koʻrsatilgan boʻlsada, biroq olib borilgan tekshiruvlar hamda oʻtkazilgan ekspertiza natijalariga koʻra, mazkur transport vositasi 2014-yilda ishlab chiqarilganligi tasdiqlandi.

    Natijada, bojxona rasmiylashtiruvida ushbu transport vositasiga nisbatan qoʻllanilgan 515 mln. soʻmlik imtiyozlar bekor qilindi.

    Maʼlumot oʻrnida aytish joizki, 2025-yil 1-yanvarga qadar yuk tashish uchun moʻljallangan, ishlab chiqarilganiga 7 yildan oshmagan belgilangan turdagi transport vositalarini import qilishda bojxona boji, utilizatsiya hamda avtotransport vositalarini sotib olganlik uchun yigʻimlar nol stavkada qoʻllaniladi.

    Yuqoridagi holatda transport vositasi egasi uddaburonlik bilan bojxona toʻlovlarini toʻlashdan qochishga uringan.

    Navbatdagi holatda, xorijdan yuk konteynerida keltirilgan va bojxona rasmiylashtiruvida davomida avtomatik tarzda “qizil” yoʻlakka yoʻnaltirilgan 2 turdagi sintetik va toʻqimachilik mato tovarlari bojxona koʻrigidan oʻtkazildi.

    Natijada oʻtkazilgan bojxona koʻrigida davomida salkam 6.5 tonna matolar hujjatlarda koʻrsatilmaganligi, shuningdek, bojxona yuk deklaratsiyasida koʻrsatilganidan ortiqcha miqdorda ekanligi aniqlandi.

    Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra mazkur tovarlarning umumiy qiymati 1,8 mlrd. soʻmni tashkil etmoqda.

    Agarda tadbirkor mazkur tovarlarni qonuniy yoʻl orqali olib kirganida 160 mln. soʻm miqdorida bojxona toʻlovlari davlat byudjetiga undirilar edi.

    Navbatdagi holatda esa, xorijdan keltirilgan yuklar bojxona koʻrigidan oʻtkazilganida, yuk konteynerida hujjatlarda qayd etilmagan 13 turdagi tibbiy texnika buyumlari borligi aniqlandi.

    Mazkur tovarlarning qiymati 1 mlrd. 633 mln. soʻmni tashkil etadi.

    Statistik maʼlumotlarga koʻra, “Chuqursoy” bojxona posti xodimlari tomonidan joriy yilning oʻtgan davri mobaynida 434 ta holatda 22 mlrd. 866 mln. soʻmlik tovar-moddiy boyliklarning yurtimiz hududiga noqonuniy olib kirishlishiga chek qoʻyilgan.

    Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan tekshiruv va surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

    Toshkent shahar bojxona boshqarmasi

    Axborot xizmati