Yangi Oʻzbekiston - yangicha dunyoqarash. Hayotimizning har jabhasida amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida aholi farovonligini taʼminlash, xalqimiz uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish, mamlakatimiz iqtisodiy salohiyati yuksaltirish kabi bir qator ezgu gʻoyalar mujassam.

Ana shunday isloh qilinayotgan sohalar qatorida mamkalatimiz iqtisodiy xavfsizligini taʼminlashga hissa qoʻshayotgan bojxona sohasida bugungi kunda qanday yangilanish va oʻzgarishlar sodir boʻlmoqda?

Ayni shu savollarga javob izlash maqsadida bir guruh ommaviy axborot vakillari uchun Davlat bojxona qoʻmitasi Toshkent shahar bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan “Chuqursoy” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida press tur uyushtirildi.

Press tur avvalida OAV vakillari Toshkent shahar bojxona boshqarmasining “Chuqursoy” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postining xodimlar xizmat olib borayotgan ofisida boʻlishdi hamda bojxona posti tarixi, bojxona rasmiylashtiruvi jarayonlari, bojxona nazoratining shakl va usullarini joriy etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishishdi.

“Chuqursoy”tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida oʻtgan 2020-yil davomida 45,8 mingdan ziyod bojxona yuk deklaratsiyalari rasmiylashtirilib, davlat byudjetiga salkam 2 trln. soʻmlik ortiq bojxona toʻlovlari undirildi.

Mazkur post orqali tadbirkorlarimiz tomonidan ishlab chiqarilgan salkam 84 mln AQSH dollaridan ziyod mahsulotlar xorijiy mamlakatlariga eksport qilingan.

Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, ularga bojxona toʻlovlari boʻyicha imtiyozlar berish yoʻnalishida ham bir qator ishlar amalga oshirilgan.

Jumladan, 2020-yil davomida 10 dan ortiq turdagi ishlab chiqarish uchun foydalaniladigan xom-ashyo, texnologik asbob uskunalar, maishiy texnika va ularning qismlari kabi tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvida 952 mlrd.soʻmdan ortiq bojxona toʻlovlaridan imtiyozlar berilgan.

Bojxona postida yashirin iqtisodiyotni qisqartirish, noqonuniy tovar-moddiy boyliklarning yurtimiz hududiga kirib kelishini oldini olishga qaratilgan bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilgan.

Xususan, oʻtgan 2020-yil davomida 438 ta holatda salkam 16,3 mlrd soʻmlik tovarlarning noqonuniy kirib kelishining oldi olingan.Ular boʻyicha 2 mlrd soʻmdan ziyod qoʻshimcha bojxona toʻlovlari hisoblanib, davlat byudjetiga undirilishi taʼminlangan.

Bojxona posti tasarrufida 26 ta bojxona omborlari hamda 1 ta erkin ombor faoliyat yuritmoqda. Mazkur bojxona omborlarining barchasi videokuzatuv moslamalari bilan jihozlangan boʻlib, videotasvirlarni oylayn tarzda Davlat bojxona qoʻmitasi hamda hududiy boshqarmasi orqali kuzatish imkoniyati mavjud.

Mazkur bojxona posti “Universal Logistics Services” va “Chukursay Logistics Center” logistika markazlari hududida joylashgan boʻlib, jurnalistlar mazkur logistika markazlari faoliyati bilan ham yaqindan tanishishdi.

Tadbirda asosiy eʼtibor tovarlarni bojxonada rasmiylashtirish sohasida korrupsion omillarni bartaraf etish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarga qaratildi.

Eng muhim jihatlardan biri shundaki, “Yagona darcha” bojxona axborot tizimida tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun baholash mezonlari joriy etildi. Vakolatli organlar soʻralgan hujjatlarni oʻz vaqtida, kechiktirmay taqdim qilyaptimi yoki tadbirkorning vaqtini olyaptimi? Endi buni “Yagona darcha” axborot tizimining “Foydalanish statistikasi” interaktiv axborot olish xizmati orqali istalgan odam kuzatib borishi mumkin.

Sodda qilib aytganda, endi davlat organlarining faoliyatiga aynan shu yerda xolis bahoni tadbirkorning oʻzi beradi.

Shuningdek, har oy yakuni boʻyicha tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postlarida eksport va import rasmiylashtiruviga sarflanayotgan vaqt boʻyicha reyting natijalari ham Davlat bojxona qoʻmitasi veb-saytida va Davlat ochiq maʼlumotlar portalida eʼlon qilib kelinmoqda.

Media tur yakunida jurnalistlar temir yoʻl vagonlarini skanerlovchi yirik inspeksion koʻrik majmuasi faoliyati bilan ham tanishishdi.

Media tur davomida jurnalistlar oʻzlarini qiziqtirgan barcha savollarga atroflicha javoblar olishdi.

Tashkil etilgan bu kabi media turlarda jurnalistlar eng avvalo mavzuning ichiga kirib borish va har bir detalni puxta oʻrganish imkoniga ega boʻlishdi. Bu esa tabiiyki, ular tomonidan tayyorlanadigan materiallarning yana-da batafsil va taʼsirchan boʻlishiga xizmat qiladi.