Bu fasl boshlanishi bilan  yurtdoshlarimiz izgʻirinli, qor-qirovli  kunlarga taraddud koʻrishni boshlab, uyini isitish, ovqat pishirish, choy qaynatish uchun qulay shart-sharoit yaratish bilan bogʻliq muammolar haqida oʻylay boshlaydi. Ularni hal etish uchun esa, birinchi navbatda, gaz va elektr  energiyasi zarur.

Shu oʻrinda aytish lozimki, soʻnggi yillardagi islohotlar  tufayli mamlakatimizning olis  hududlari  aholisiga  gaz yetkazib  berish borasida koʻplab ishlar qilindi.

Bunda Vazirlar Mahkamasining 2022-yil  23-sentyabrdagi “Iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha obyektlari va koʻp kvartirali uy-joy fondini 2022/2023-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlashni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori muhim dusturilamal boʻldi. Qarorda olis va borish qiyin boʻlgan qishloqlarda kuz-qish davrida suyultirilgan gaz yetkazib berish va zaxirasini yaratish borasida aniq vazifalar belgilab berilgan. 

Xoʻsh, oʻtgan qariyb bir yil ichida qarorda belgilangan vazifalar ijrosi hududlarda qanday bajarildi? Nimalar qilindi-yu, nimalar eʼtibordan chetda qoldi? Shu savollarga Buxoro viloyati misolida javob izlaymiz.

Shofirkon tumani viloyat markazidan salkam 120 kilometr uzoqda joylashgan. Choʻl kengliklari yozda issiq, qishda esa sovib ketadi. Shunga qaramay, gazchilar vazifalariga vijdonan yondashib, barcha zarur yumushlarni oʻz vaqtida ado etishyapti. Bundan aholi ham juda mamnun.

— Yaqin yillargacha  faqat  oʻtin yoqardik. Oʻtin topishning oʻzi bir azob edi. Bugun esa xonadonlarimizga suyultirilgan gaz yetib keldi. Quvonarli yana bir jihati, gaz pulini toʻlash ham osonlashdi. Uch yildan buyon toʻlovlarni plastik kartalarda amalga oshiryapmiz, — deydi tumanning Churuq ovulida  istiqomat qiluvchi 74 yoshli onaxon Oybarchin Eshnazarova.

Darhaqiqat, keyingi yillarda gaz taʼminotida yuz bergan oʻzgarishlar isteʼmolchilar ishonchini oqlamoqda. Xususan, sohaga raqamli texnologiyalar kirib kelishi shaffoflikni taʼminladi. Hududlarda aholiga gaz tarqatadigan masʼul shaxslarning xarid uchun isteʼmolchidan naqd pul qabul qilishiga chek qoʻyildi.  

— Tizimda faoliyat olib borayotgan har bir xodimning oʻz vazifasi bor, — deydi  Buxoro  viloyati gaz taʼminoti filiali direktori oʻrinbosari Abduqodir Maqsudov. — Ochigʻi, avvalari ballonda qancha gaz boʻlsa ham ular bir xil narxda sotilavergan. Bu isteʼmolchilar noroziligiga sabab boʻlardi. Endi gaz ballonlari joylarga joʻnatilishidan oldin nazorat tarozida oʻlchanadi va oʻlchovga qarab narxi belgilanadi. Toʻlovlar yuz foiz plastik karta orqali amalga oshiriladi. Bu gazni aholiga yetkazib berishda shaffoflikni taʼminlayapti va mavjud muammolarning oldi olinishi uchun  xizmat qilmoqda.

Bugun “Hududgaz Buxoro” gaz taʼminoti filiali tomonidan 167 mingdan ziyod isteʼmolchi suyultirilgan gaz bilan taʼminlanadi. Ularga soʻnggi olti oyda 14 ming tonnaga yaqin ushbu mahsulot yetkazib berildi.

  Biz yuqorida tilga olgan Churuq ovuli aholisi necha yillardan buyon gaz yoʻqligi sabab aziyat chekib, qiynalib kelgan. Chorvachilik sohasida oʻziga xos tajribasi bilan mashhur boʻlgan churuqliklar soʻnggi yillardagi  islohotlar bois,  oʻtin yoqib choy qaynatishdan  xalos boʻldi. 

— Chuqur – choʻl bagʻridagi chorvadorlar qishlogʻi. Shu qishloqqa gaz yetkazib berish menga yuklangan. Har kuni erta tongdan gaz toʻldirish shoxobchasidan chiqib, deyarli 3 soat deganda qishloqqa  yetib kelaman, oltmishdan ortiq xonadonga gaz ballonlari tarqataman. Isteʼmolchilarning biz haqimizdagi iliq fikrlarini, yoshi ulugʻlarning duosini eshitib quvonaman. Toʻgʻrisi, xayrli ish qilish baribir yaxshi-da, — deydi ovulga gaz ballonlari  yetkazib berish bilan shugʻullanuvchi haydovchi Suhrob Sodiqov. 

Ha, bugun tizimda talaygina yangiliklar yaratildi. Koʻp joylarda ilgarigiday oʻtin izlab sarson boʻlishlar, gaz balonlarini kutib, sargʻayishlarga barham berilgan.

— Gaz ballonlari isteʼmolchilarga  viloyatdagi 3 ta gaz taʼminoti filiali tasarrufidagi gaz toʻldirish shoxobchasi hamda xususiy gaz toʻldirish shoxobchalari orqali yetkazib berilmoqda, — deydi viloyat gaz taʼminoti filiali boʻlim boshligʻi Aziz Rasulov. — Har bir gaz balloniga yopishtirilgan maxsus kodli yorliq ularning xavfsizligini taʼminlaydi. Gaz toʻldirish shoxobchalarining kunlik quvvati 22 tonna boʻlib, 12 nafar xodim shu ish bilan band.

Shu kunlarda viloyatdagi gaz toʻldirish shoxobchalarida ish qizgʻin. Xodimlar oʻz vazifasiga masʼuliyat bilan yondashadi. Qorakoʻl tumanidagi “Qorakoʻl” gaz toʻldirish shoxobchasida qariyb oʻn   yildan buyon faoliyat olib borayotgan chilangar Komiljon Gʻafforov ham oʻz kasbining jonkuyarlaridan.

— Erta tongdan ish boshlaymiz. Mehnatimiz mashaqqatli, ammo zavqi boʻlakcha. Odamlardan  rahmat eshitganingda, duo olganingda, barcha charchoq chiqib ketadi. Barchamizning maqsadimiz bir – aholi turmushini yanada yaxshilashga xizmat qilish, — deydi u samimiylik bilan.

 Romitandagi Qizilravot ovuli tuman markazidan 231 kilometr olisda, ertaklarda aytilganidek, qush uchsa qanoti, odam yursa oyogʻi kuyadigan Qizilqum kengliklarida joylashgan. Mahalladagi 104 ta oilada 600 ga yaqin aholi yashaydi. Umumiy maydoni 294 ming gektarni tashkil etayotgan hududning  aksar yeri choʻl va qumliklardan iborat.

Shunga qaramasdan, soʻnggi yillarda ovul infratuzilmasini yaxshilash, unda istiqomat qilayotgan yurtdoshlarimiz farovon turmush kechirishi uchun qulay shart-sharoit yaratishga eʼtibor  kuchaydi.  Hududdagi isteʼmolchilarga  “Romitantumangaz” gaz taʼminoti boʻlimi xodimlari tomonidan  oʻz vaqtida gaz ballonlari yetkazib berilyapti. Bu borada taʼminot va muammolarni bartaraf etish toʻliq nazoratga olingan.

— Yoshligimiz qiyinchiliklarda oʻtib ketdi. Biz tabiiy gazdan foydalanmaganmiz,  choʻlning issigʻida,  qishning qahratonida  uy isitish, qozon qaynatish oson kechmagan,  — deydi 70 yoshli otaxon Dusbay Kartpanbetov. —Yaratganga shukr, endi tutun hididan boʻgʻilmayapmiz. Baraka topgur gazchilar ballonlarni oʻz vaqtida  kechiktirmasdan olib kelyapti. 

Darhaqiqat, avvalari aholidan maishiy gaz ballonlari yigʻib olinib, maʼlum vaqt oraligʻidagina toʻldirib berilar edi. Endilikda gaz idorasining zaxira gaz ballonlari toʻldirilgan holda olib kelinib, aholining tugagan gaz ballonlari peshma-pesh almashtirib berilmoqda. Bu bilan xalqimizga katta qulaylik yaratildi.

Viloyatning Turkmanistonga tutash Olot tumanidagi  33 ta mahalla ham  suyultirilgan gaz bilan taʼminlangan. Ularga ham boshqa isteʼmolchilar qatori oʻz vaqtida gaz ballonlari yetkazib berilmoqda.

 — Mahallamiz aholisi 2018-yildan boshlab gaz balloni bilan toʻliq taʼminlanyapti. Bu borada muammo yoʻq. Qandaydir nosozlik boʻlsa, darhol 104 raqami orqali murojaat qilamiz, tezda kelib tuzatib ketishadi. Umuman, bu borada ijobiy oʻzgarishlar turmush sharoitimizda koʻrinib turibdi , — deydi Chovdur mahallasi faoli Olim Xudoyberdiyev.

Albatta, maqolani oʻqigan kishida tizimda muammolar yoʻqmi, degan savol tugʻilishi tabiiy. Bor, ammo  oz fursat ichida mavjud muammolar bartaraf etilib, keng koʻlamli islohotlar  natijasi boʻy koʻrsata boshladi. Bu esa odamlarda ertaga bugungidan ham yaxshi yashashiga umid uygʻotmoqda. 

                                                                               Gulichehra DURDIYEVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri,

Mohigul ABDULLAYEVA,

“Hududgaz Buxoro” gaz taʼminoti filiali matbuot kotibi