Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Chust tumani boʻlimi tomonidan fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish yuzasidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda, “S.E.” MCHJ rahbari I.M. fuqaro D.ning Oʻsh davlat universitetidagi oʻqishini 2 700 AQSH dollari evaziga tanishlari yordamida Oʻzbekiston Respublikasidagi oliy oʻquv yurtlaridan biriga koʻchirish haqida buyruq chiqartirib berishni vaʼda qilib, shundan 1 100 AQSH dollari va 4,6 mln soʻmni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shu kabi, Departamentning Termiz shahar boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, Toshkent tibbiyot akademiyasi Termiz filiali talabasi Sh.N. va boshqalar fuqaro O.ning ishonchiga kirib, uning ukasi Xarkov milliy tibbiyot universiteti talabasi J.ning oʻqishini tanishlari yordamida Buxoro Davlat tibbiyot institutiga koʻchirib berishi evaziga 4 000 AQSH dollarini qoʻlga kiritganliklari aniqlanib, tekshiruv davomida, Sh.N. tomonidan ixtiyoriy qaytarilgan 100 AQSH dollari va 400 ming soʻm ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora olish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.