Dastlab markaz xodimlari tomonidan aholi va tadbirkorlik subyektlariga yaratilgan sharoit va qulayliklar haqida maʼlumot berildi.

Soʻngra chustliklarga sayyor xizmat va sayyor qabul tadbirlari tashkil etildi. Shu kuni davlat xizmatlari va FHDYO sohasiga doir 100 ga yaqin murojaatlar qabul qilingan boʻlsa, “Oʻzimiz keldik” aksiyasi doirasida 30 nafar fuqaroga sayyor xizmat koʻrsatildi. Jumladan, chustlik Oynura Salohiddinova kadastr pasportini shakllantirishda muammolarga uchragan, uning murojaatini tuman davlat xizmatlari markazi xodimlari ijobiy hal etadigan boʻlishdi. Qolaversa, 5 nafar fuqaroning muddati kechikkan tugʻilganlik guvohnomalari rasmiylashtirib berildi.

Saylda fuqarolarning huquqiy bilimlari ham sinaldi. “Siz davlat xizmatlari haqida nimalarni bilasiz?” viktorinasida davlat xizmatlari sohasiga doir savol-javoblar uyushtirilib, toʻgʻri javob qaytargan ishtirokchilarga Davlat xizmatlari agentligi logotipi tushirilgan esdalik sovgʻalari topshirildi.
Ommaviy saylda qatnashgan fuqarolarni qiziqtirgan tanlov “Davlat xizmatlari men uchun” rasmlar koʻrigi boʻldi. Unda tumandagi havaskor rassomlar oʻz tasavvurlari doirasida davlat xizmatlarini tasvirladilar. Gʻoliblar esa tomoshabinlarning gulduros qarsaklari orqali aniqlandi. Oʻz chizgilari bilan davlat xizmatlarini aks ettirgan yosh moʻyqalam sohiblari munosib taqdirlandi.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Chust tuman Xalq qabulxonasi, Bosh vazirning Tadbirkorlarning murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonasi, tuman adliya boʻlimi, notarius, “Madad” NNT, tuman tijorat banklari, kadastr, soliq inspeksiyasi va yana bir qator soha mutasaddilari tomonidan hudud aholisini qiynab kelayotgan muammolarni aniqlash va ularni hal etish choralarini koʻrish maqsadida sayyor qabullar yoʻlga qoʻyildi. “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftariga” kiritilgan fuqarolar masalalari oʻrganildi.

Shuningdek, Chust tumanidagi doʻppi va pichoqlik sohasida faoliyat olib borayotgan hunarmandlar ham oʻz koʻrgazmalari bilan ishtirok etdilar, mahsulotlari sotuvini amalga oshirdilar. Tuman aholisining maʼnaviy-madaniy dam olishiga koʻmaklashish maqsadida madaniyat boʻlimi yosh xonandalari ijrosidagi konsert dasturi yigʻilganlarga koʻtarinkilik ulashishdi.


Bir soʻz aytganda, ommaviylik kasb etgan Davlat xizmatlari agentligi saylida 200 nafardan ziyod fuqaro muammolari oʻrganilgan boʻlsa, “Oʻzimiz keldik” aksiyasi doirasida 100 dan ortiq fuqaroga sayyor davlat xizmatlari hozirlandi. Kam taʼminlangan, ijtimoiy koʻmakka muhtoj oilalar farzandlariga davlat xizmatlari agentligi viloyat boshqarmasining sovgʻalari topshirildi.Saylning yana bir esda qoladigan jihati, tuman markazidan ancha uzoqda joylashgan “Baymoq” mahallasida ochilgan “Chust Maqsudbek tekstil” korxonasida faoliyat yuritayotgan xodimlarga sayyor xizmat koʻrsatilgani boʻldi. Yaqinda ishga tushgan korporativ korxonada hozirda 130 nafar “Ayollar daftari”ga yozilgan tumandagi xotin-qizlar mehnat bilan taʼminlandi. Ularning vaqti va ortiqcha sarf xarajatini tejash maqsadida korxonaga borgan holda sayyor xizmat koʻrsatildi. Shu kuni korxonadagi xodimlarning 30 nafari davlat xizmatlaridan foydalandi.

Foziljon JOʻRABOYEV,
DXA viloyat boshqarmasi axborot xizmati rahbari.