Chustda 71 nafar kutubxonachi uchun ustama pullari undirildi

    Gap salkam 100 million so'mlik qo'shimcha oylik mablag'i to'g'risida ketyapti.

    O'zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 154-moddasida ish beruvchi o'zining moliyaviy holatidan qat'i nazar, xodimga bajargan ishi uchun haqni belgilangan mehnat haqi shartlariga muvofiq belgilangan muddatlarda to'lab berishi shartligi belgilangan.

    Chust tuman adliya bo'limi hududdagi ta'lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan qator kutubxonachilarga kutubxona fondi bilan shug'ullanganligi uchun qo'shimcha haq to'lanmayotganidan norozilik murojaatlarini o'rganib chiqdi. Aniqlandiki, mazkur tumandagi umumiy o'rta ta'lim maktablari hamda ikkita davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatida xizmat ko'rsatayotgan kutubxonachilarga qo'shimcha haqlar to'lanmayotgan ekan.

    Vaholanki, Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 29-sentyabrdagi 490-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Xalq ta'limi muassasalarining qo'shimcha haq to'lanadigan xodimlarining lavozimlari ro'yxati, qo'shimcha haqning turlari va miqdorlari”ning 23-bandiga ko'ra, maktablar, barcha tur va nomdagi maktab-internatlar kutubxonachilariga yoki boshqa xodimlarga darsliklarning kutubxona fondi bilan shug'ullanganliklari uchun mehnatga haq to'lashning eng kam miqdorining 3,6 foizi miqdorida qo'shimcha haq to'lanishi, keyingi har bir 1 ming 500 nusxa darslik uchun 5 foiz, biroq mehnatga haq to'lashning eng kam miqdorining 10,6 foizidan ko'p bo'lmagan miqdorda qo'shimcha haq to'lanishi mustahkamlab qo'yilgan.

    Shunga asosan, tuman adliya bo'limi tomonidan 2022-yil 10-noyabr kuni tuman xalq ta'limi bo'limiga ziyo ulashuvchilarning qo'shimcha haqlari to'lab berilishi yuzasidan majburiy taqdimnoma kiritildi hamda ijrosi ta'minlandi. Ya'ni bilim dargohlarining jami 71 nafar kutubxonachisiga 98 million 693 ming so'mlik ustama haqlari undirilishiga erishildi.

    Azamat JO'RAYEV,

    Chust tumani adliya bo'limi boshlig'i