IT Park yangi inkubatsiya va akseleratsiya dasturi haqida eʼlon qildi. Ushbu dasturdan oʻtganlar oʻz startap loyihalarini tayyorlashlari va investorlarni jalb qilish imkoniyatiga ega boʻlishlari mumkin. Misol tariqasida, 2020-yilda mashhurlik qozongan Kremniy Vodiysi tadbirkorlari tomonidan barpo etilgan Clubhouse startap-ilovasi keltirilgan. U qisqa muddat ichida nom chiqardi va $100 millionga baholandi.
Inkubatsiya dasturi gʻoyani yakuniy, “isteʼmolga tayyor” mahsulotgacha yetkazish uchun barcha sharoitlarni yaratadi.
Dastur 3 oyga moʻljallangan va startap loyihangizni quyidagi bonuslar, yaʼni qulay ofis, professional mentorlar bilan ishlash, maslahat, buxgalteriya yordami, muvaffaqiyatli tadbirkorlar bilan faol aloqa, biznes tadbirlariga cheklanmagan kirish imkoniyati bilan taʼminlaydi.
Akseleratsiya dasturi loyihani qoʻllab-quvvatlab, asosiy maqsadlarga – mablagʻ topish va loyihani haqiqiy biznesga aylantirishga yoʻnaltiradi. Mentorlarning oʻzlaridan biznes tajribalarini olish orqali startap loyihasining faol rivojlanishiga hissa qoʻshadi. Shu bilan birga, mahsulotni intellektual mulk sifatida rasmiylashtirish, investitsiya maydoniga kirish, marketing koʻmagini olish, keng hamkorlik tarmogʻini rivojlantirish uchun sharoit yaratadi.









