Ushbu zamonaviy tibbiy uskuna qisqa vaqtda tayyor reagentlarni, avtomatik tarzda, yuqori aniqlikda ekspress-tahlil qilish imkonini beryapti.
Mazkur anjom Shoshilinch tez tibbiy yordamni rivojlantirish fondi tomonidan ajratilgan 750 million soʻm pul mablagʻi hisobiga keltirilgan.
Ayni vaqtda, COBAS E 411 immunologik analizator filialda 20 dan ortiq ekspress-tahlilni yoʻlga qoʻyish imkonini berdi. Bu esa, ekspress-tahlilni yuqori aniqlikda, toʻxtatmasdan bajarish imkonini berib qolmay, laboratoriya xodimlari uchun qulay ish sharoiti yaratishga xizmat qilyapti. Bu esa laboratoriya xodimlarini ortiqcha mehnatdan ham xalos etyapti.
U tekshirilayotgan material -sarum, qon plazmasi, peshob tahlili uchun 9 minutdan 18 minutgacha vaqt sarflaydi.
— Ushbu immunologik analizator buyrak transplantatsiya amaliyotiga muhtoj, hamda shu turdagi amaliyotni oʻtkazmoqchi boʻlgan bemorlarni va shu bilan birga gepatit, odam immuniteti tanqisligi (OITS) sindromi bilan bogʻliq barcha tahlillarni qisqa vaqtda aniqlab beradi, — deydi Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam markazi Sirdaryo viloyat filiali laboranti Zarina Nazarova. — Asosiysi, bemorlar va ularning yaqinlari ushbu turdagi tahlil natijalari uchun poytaxtdagi davlat va xususiy klinikalarga vaqt va ortiqcha mablagʻ sarflab borishining oldi olindi. Chunki bizning bemorlarimiz shoshilinch qabul qilinadi. Rejaga asosan emas. Bunda bizga aniq va tezkor ekspress-tahlil natijalari suv va havodek zarur boʻladi. Bu yumushni esa, mazkur apparat yordamida endi tez va sifatli amalga oshiryapmiz.
Mazkur apparat soatiga 88 ta tahlil, anemiya, suyak metabolizmi, saraton, garmonlar va yuqumli kasalliklar, yurak markerlari, shu jumladan proBNP uchun 65 dan ortiq turdagi testlarni oʻtkazib, qon quyqalarini aniqlaydi. Bu esa Respublika shoshilinch tibbiyot yordam markazining Sirdaryo filialiga tez va shoshilinch keltirilgan bemorlarga aniq tashxis quyish, shunga qarab davolash profilaktika ishlarini olib borishda qoʻl keladi.
Sirdaryo viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi matbuot xizmati.









