“Coca-cola” davlat ulushi xususiy investorga sotiladi

    Biznes 10 Iyul 2020 1486

    “Coca-cola Ichimligi Uzbekiston, ltd” ustav kapitalidagi davlat ulushi xususiy investorga sotiladi. Aynan shunday vazifa oziq-ovqat sanoatining investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish, chet el investitsiyalarini jalb qilib sohaga zamonaviy ishlab chiqarish va boshqaruv texnologiyalarini joriy etish maqsadida qabul qilingan Oʻzbekiston Respublika Vazirlar Mahkamasining tegishli Farmoyishi bilan belgilandi.

    Ushbu jarayonning samaradorligi va oshkoraligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratiladi. Investorlar bilan ishlashni tashkil qilish, shuningdek, davlat manfaatlarini himoya qilish maqsadida dunyoning yetakchi banklaridan moliyaviy maslahatchi sifatida JP Morgan,

    Rothschild & Co, Credit Suisse banklari orasidan biri tanlanadi.

    JPMorgan Chase - Amerika moliyaviy xolding kompaniyasi. AQSHdagi “Katta Toʻrtlik” banklaridan biri sanaladi. 2003-yildan hozirgi kungacha aynan Coca-Cola brendi bilan bogʻliq 15 ta yirik (miqdori 448 mln 6 mlrd AQSH dollargacha) kelishuvlarda ishtirok etgan. JP Morgan ichimliklar sohasidagi eng yirik maslahatchilardan biri boʻlib, Coca-Cola bilan bevosita ish olib borish va uning bitimlarida maslahatchi sifatida ishtirok etish boʻyicha tajribaga ham ega.

    Credit Suisse Shveysariyaning ikkinchi yirik moliyaviy konglomerati boʻlib, 7 ta boʻlinmadan iborat. Ushbu bank ichimliklarni ishlab chiqaruvchi kompaniyalar bilan ishlash boʻyicha shubhasiz dunyo yetakchilaridan biri boʻlib hisoblanadi, hamda tegishli ravishda oxirgi 20 yilda 30 mlrd. AQSH dollariga yaqin

    Coca-Cola kompaniyasini turli mamlakatlarda sotish va birlashtirish jarayonlarida moliyaviy maslahatchisi sifatida ishtirok etgan. Bank moliyaviy maslahatchi sifatida Coca-Cola kompaniyasining butun dunyo boʻylab qator muhim bitimlarida ishtirok etgan.

    Rothschild & Co xalqaro moliyaviy xolding kompaniyasidir. Soʻnggi 8 yil mobaynida, bank Coca-Cola guruhi bilan bogʻliq 10 dan ortiq bitimlarda maslahatchi sifatida qatnashgan. Shu jumladan, “Costa Coffee”ni sotib olish boʻyicha 2018-yilda 5.1 milliard AQSH dollari miqdoridagi kelishuv boʻyicha bank tomonidan maslahat xizmatlari koʻrsatilgan. Bu oʻz navbatida bank nafaqat ichimliklar sohasida, balki Coca-Cola guruhi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlik qilish boʻyicha boy tajribaga ega ekanligini namoyish etadi. Bank jahon investitsion banklarining Top-10taligiga kiritilgan boʻlib, Yevropa mamlakatlarida barqaror yetakchi oʻrinlarni saqlab turibdi.

    Shuningdek, "Coca-cola Ichimligi Uzbekiston, ltd” ustav kapitalidagi davlat ulushini sotish jarayonini umumiy muvofiqlashtirish, shu jumladan birinchi bosqichda kompaniyani baholash (due diligence), sotish strategiyasini ishlab chiqish, biznes plan va moliyaviy model tayyorlash vazifalari qoʻyiladi. Ikkinchi bosqichda salohiyatli investorlarni aniqlash uchun raqobat jarayonini tashkil qilish, munozaralarda ishtirok etish, eng yaxshi taklifni tanlash boʻyicha maslahat berish, sotish hujjatlarini tayyorlash va imzolashni tashkil qilish xizmatlarini taqdim etadilar.

    Bunday yondashuv xususiylashtirish savdosini shaffof va samarali oʻtkazib, kelgusida xususiylashtirishga investorlarni jalb qilish uchun namuna, yoki benchmark boʻladi. Ushbu jarayondan asosiy maqsad - kompaniyani modernizatsiya qilish, ishlab chiqarish jarayoniga yangi texnologiyalarni jalb qilish, korporativ boshqaruvni yaxshilash orqali kompaniyaning samaradorligini oshirish imkonini beradi.


    Moliya vazirligi

    Axborot xizmati