Maʼlumki, Namangan viloyati markazida jahonga mashhur Coca-Cola ichimligi ishlab chiqariladi. Bugungi kun islohotlaridan oʻziga xos hulosa chiqargan korxona rahbariyati 30-40 yillik istiqbolni hisobga olgan holda rivojlantirish dasturini amalga oshirishni rejalashtirgan.
- Biz buning uchun aynan Namanganni tanlaganmiz, boisi tadbirkorlik va boshqa sohalar rivojlanayotgan, aholi soni va saviyasi keskin oʻsayotgan hudud bizning brendimiz uchun ishonchli bozor va taraqqiyot garovi hisoblanadi, - deydi Ezel Agaoglu.
Viloyat hokimi Namanganda Coca-Cola ichimligi ishlab chiqarilishi orqali bevosita va bilvosita yaratilgan ish oʻrinlari, korxonaning sifat uchun ishlashi, kelgusida faoliyat koʻlamini kengaytirish rejalarini qadrlanishi va har tomonlama koʻmak berilishini alohida taʼkidladi. Ayniqsa, xizmat koʻrsatish, jumladan turizm rivoj topib borayotgani, masalan, gullar shahri Namanganda Xalqaro gullar festivali oʻtkazilishining oʻzida mashhur mahsulotga boʻlgan talabning ortib borayotganini eʼtirof etdi.
Investorlar viloyat hokimiga tashakkur izhor qilishdi hamda u tarafidan taklif etilgan kichik sanoat zonalari hamda erkin iqtisodiy zonani joyida koʻrishdi, shu orqali yangi ishlab chiqarish liniyalarini oʻrnatish uchun istiqbolni belgilashlarini bildirdilar.