Bu jarayonda, ayniqsa, murojaatlarni koʻrib chiqish sifatiga eʼtibor qaratish bilan birgalikda ularni koʻrib chiqish muddatlari buzilmasligiga ham jiddiy eʼtibor berilmoqda.
Buning natijasida vazifalariga masʼuliyatsizlik bilan yondashishi oqibatida murojaatlarni koʻrib chiqishning qonunda belgilangan muddatlari buzilishiga yoʻl qoʻyganligi uchun vazirning tegishli buyruqlari bilan Andijon (S.Yusupov), Jizzax (O.Maxmudova), Namangan (A.Iminov), Samarqand (D.Jumaniyazov) va Surxondaryo (K.Abduvoxidov) viloyatlari sogʻliqni saqlash boshqarmalari boshliqlariga hayfsan eʼlon qilindi.
Bugungi kunda murojaatlarni koʻrib chiqishga nisbatan munosabat tubdan oʻzgarmoqda. Buning natijasida ularni quyi idoralarga yubormasdan, vazirlikning oʻzida buzilgan huquqlar qonun doirasida tiklanishi taʼminlab kelinmoqda.
Jumladan, Samarqand viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasiga qarashli “Ixtisoslashtirilgan avtotransport” davlat korxonasi rahbarining xatti-harakatlaridan norozi boʻlib bir guruh xodimlar vazirlikka murojaat etdi.
Unda korxona rahbarining 2020-yil 26-dekabrdagi 133-sonli buyrugʻiga asosan ushbu muassasaning avtomobillarni taʼmirlash boʻlimi avtoslesari Yu.D., maʼmuriy boshqaruv boʻlimi avtomobillarni taʼmirlash boʻlimi muhandisi B.I., maʼmuriy boshqaruv boʻlimi AKB muhandisi M.N., maʼmuriy boshqaruv boʻlimi bosh muhandisi H.N., Samarqand tuman tez tibbiy yordam boʻlimi avtokarvon boshligʻi A.O., Samarqand shahar tez tibbiy yordam boʻlimi avtokarvon boshligʻi A.I., maʼmuriy boshqaruv boʻlimi iqtisodchisi J.X., maʼmuriy boshqaruv boʻlimi Kadrlar boʻlimi boshligʻi G.R., maʼmuriy boshqaruv boʻlimi maosh hisobchisi S.Sh., maʼmuriy boshqaruv boʻlimi katta mexanigi A.S. bilan tuzilgan mehnat shartnomasi Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 100-moddasiga muvofiq bekor qilinganligidan norozilik bildirilgan.
Murojaat yuzasidan bevosita vazirlikning oʻzi tomonidan oʻtkazilgan oʻrganish jarayonida mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishda Mehnat kodeksining 101-moddasi talablari qoʻpol ravishda buzilganligi aniqlandi.
Shunga koʻra, Sogʻliqni saqlash vazirining tegishli koʻrsatmasi asosida amaldagi qonun hujjatlari buzilgan holda chiqarilgan yuqoridagi buyruq bekor qilinib, xodimlarning buzilgan huquqlari tiklandi hamda gʻayriqonuniy buyruq chiqarilishida aybdor boʻlgan korxona rahbariga nisbatan tegishli intizomiy jazo chorasi qoʻllanildi.
Fuqarolarning murojaat qilish huquqi inson huquqlari taʼminlanishining muhim omillaridan biri boʻlib, ushbu masalaga milliy qonunchiligimizda alohida oʻrin berilgan. Asosiysi, har bir rahbar, har qaysi mutasaddi shaxs bugun mamlakatimizda aholini qiynayotgan masalalarni tezkorlik bilan hal etish, xalq dardiga sherik boʻlib, tashvishlarini yengillashtirish muhim vazifalaridan biri ekanini chuqur anglab yetmogʻi lozim.
Sogʻliqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.