Bugun cogʻliqni saqlash vaziri Abduhakim Xadjibayev Fransiya delegatsiyasini qabul qildi. Tashrif doirasida vazir Fransiyaning Oʻzbekistondagi muvaqqat ishlar vakili Bris Rokfey, JSSTning COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashish qoʻmitasi raisi, “AR-NR International” assotsiatsiyasi rahbari Didye Ussen, Fransiya sogʻliqni saqlash vazirining xalqaro masalalar boʻyicha maslahatchisi, “AR-NR International” assotsiatsiyasining yetakchi konsultanti Dominik Delpe hamda mamlakatimizdagi nufuzli fransuz farmatsevtika kompaniyalari vakillari bilan muloqot oʻtkazdi.
Uchrashuv doirasida yurtimizdagi qator tibbiyot muassasalari faoliyatiga zamonaviy boshqaruv menejmenti va ilgʻor texnologiyalarni joriy qilishda fransuz tashkilotlari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, tibbiyotga raqamli texnologiyalarni joriy etishda Fransiya tajbirasini oʻrganish masalalari muhokama qilindi.
Bundan tashqari, tashrif doirasida Fransiyaning “AR-NR International” assotsiatsiyasi mutasaddilari Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati va Toshkent tibbiyot akademiyasi faoliyati bilan tanishishdi. Ayniqsa, Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasi va Bolalar milliy tibbiyot markazi faoliyati chet ellik mehmonlarning katta qiziqishiga sabab boʻldi. Bu muassasalarning tibbiy imkoniyatlari va ularda yaratilgan sharoitlar fransuz mutaxassislarida iliq taassurot qoldirdi.
“AR-NR International” assotsiatsiyasi Parij shahridagi 32 ta yirik markaziy shifoxonaning xalqaro faoliyatini muvofiqlashtiruvchi tashkilot boʻlib, 100 ming nafar tibbiyot xodimlarini oʻzida qamrab olgan. Shu paytgacha Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi davlatlarida yirik loyihalarni amalga oshirgan.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekistonda Fransiya bilan hamkorlikda 151 nomdagi dori-darmon, 22 turdagi tibbiy asbob-uskunalar, 17 turdagi tibbiy buyumlar ishlab chiqariladi.
Sogʻliqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.