Co'nggi 5 yilda kur`erlik jo'natmalari salkam 11 barobarga oshgan

    2019 yilda O'zbekistonga olib kelingan xalqaro kur`erlik jo'natmalari 541 ming donani tashkil etgan bo'lsa, 2024 yilda bu ko'rsatkich salkam 11 barobarga oshib, 5 mln 736 ming donani tashkil qildi.

    Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 31 yanvardagi “Bojxona yig'imlari stavkalarini tasdiqlash to'g'risida” 55-son qarori bilan xalqaro kur`erlik jo'natmalarini bojxona rasmiylashtiruvidan o'tkazilganlik uchun (bojsiz olib kirish me'yoriga bog'liq bo'lmagan holda) BHMning 2 foiz miqdorida (xar bir kilogrammi uchun) yig'im undirilishi belgilandi.

    Biroq bu jismoniy shaxslarga o'z ehtiyojlari uchun har chorakda kur`erlik jo'natmalari orqali 1000 AQSH dollarigacha qiymatdagi tovarlarni bojsiz olib kirish normasi bekor bo'lganini anglatmaydi!

    Ta'kidlash joizki, ushbu yig'im kur`erlik jo'natmalarini qabul qilib olayotgan jismoniy shaxslar tomonidan emas, balki kur`erlik xizmatini ko'rsatuvchi tashkilotlar tomonidan to'lanadi.

    So'nggi yillarda Internet orqali elektron xaridlar salmog'i sezilari ravishda o'sib bormoqda. Bu O'zbekistonga olib kelingan xalqaro kur`erlik jo'natmalarining soni oshayotganidan ham yaqqol namoyon bo'lmoqda.

    Ahamiyat bering, 2019 yilda O'zbekistonga olib kelingan xalqaro kur`erlik jo'natmalari 541 ming donani tashkil etgan bo'lsa, 2024 yilda bu ko'rsatkich salkam 11 barobarga oshib, 5 mln 736 ming donani tashkil qildi.

    Tabiiyki, bu bojxona organlari zimmasidagi ish yuklamasini yanada oshirmoqda. Har bir jo'natmaning bojxona nazorati va rasmiylashtiruvini amalga oshirish davomida bojxona organlari tomonidan qator harakatlar va tartib-taomillar bajariladi.

    Buning uchun zaruriy infratuzilma, bojxona inshootlari va omborlarining uzluksiz faoliyati, bojxona nazoratining texnik vositalari, dasturiy ta'minot, inson resurslari, kommunal xizmatlar, elektr energiyasi, kinologiya xizmati va boshqa muhim vositalar talab etiladi.

    Kur`erlik jo'natmalarining bojxona rasmiylashtiruvi uchun joriy qilingan yig'im ayni shu maqsadlarga safarbar qilinishi nazarda tutilmoqda.

    Tahlillarga ko'ra, 2024 yilda olib kelingan xalqaro kur`erlik jo'natmalarining 70 foizini og'irligi 1 kilogrammgacha va 22 foizini og'irligi 5 kilogrammgacha bo'lgan jo'natmalar tashkil etganini inobatga olsak, ushbu yig'im miqdori kur`erlik tashkilotlarining moliyaviy xarajatlariga jiddiy ta'sir etmaydi.

    Mazkur norma xalqaro kur`erlik jo'natmalarining tezkor va sifatli bojxona rasmiylashtiruvini ta'minlash bilan bir qatorda kur`erlik jo'natmalarida shaxsiy ehtiyoj niqobi ostida tijorat tovarlarining kirib kelishi va ichki bozordagi sog'lom raqobat muhiti buzilishining oldini olishga ham xizmat qiladi.

    SHuningdek, bojxona organlari tomonidan 2025 yilda xalqaro kur`erlik jo'natmalarining tez va sifatli bojxona nazoratidan o'tkazilishini ta'minlash maqsadida yangi axborot dasturlarini ishlab chiqish, tegishli bojxona postlarini zamonaviy nazorat texnik vositalari bilan jihozlash va yangi infratuzilma yaratish hamda fuqarolar uchun jo'natmalarni kuzatish va xavfsiz qabul qilish tizimini joriy qilish bo'yicha ishlar olib borilmoqda.