Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari muhokama etildi.

— Oʻzbekiston va “Cotton campaign” xalqaro koalitsiyasi oʻrtasida soʻnggi yillarda ikki tomonlama oʻzaro ishonchli hamkorlik asosidagi aloqalarimiz izchil rivojlanib bormoqda, — dedi Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva.

Taʼkidlanganidek, soʻngi yillarda mamlakatimizda Prezidentimizning kuchli siyosiy irodasi tufayli barcha sohalarda keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Inson qadrini ulugʻlash, uning manfaatlarini har tomonlama himoya qilish ustuvor vazifaga aylandi.

Shu qatori mamlakatimizda milliy qonunchilikni takomillashtirish, ularni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, qishloq xoʻjaligi sohasini isloh qilish, unga bozor tamoyillarini keng tatbiq etish, sohani mexanizatsiyalashtirish, mehnat uchun munosib haq toʻlash borasida amalga oshirilgan keng koʻlamli ishlar mamlakatimizda bolalar mehnati va majburiy mehnatning oldini olishning asosiy omili boʻldi.

Shuningdek, ushbu sohadagi institutsional oʻzgarishlar, fuqarolik jamiyati vakillari hamda tegishli xalqaro tashkilotlar bilan samarali hamkorlikning yoʻlga qoʻyilganligi alohida qayd etildi.

Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi tomonidan tegishli vazirlik va idoralarning ushbu sohadagi faoliyati samarali muvofiqlashtirilib borilmoqda hamda bu boradagi ishlarni tizimli tashkil etish maqsadida kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, xalqaro hamjamiyat, xususan, Xalqaro mehnat tashkiloti, AQSH Davlat departamenti va Mehnat vazirligi hamda “Cotton campaign” xalqaro koalitsiyasining taklif va tavsiyalari asosida ham qator choralar amalga oshirildi.

Muloqot davomida majburiy mehnatdan foydalanganlik uchun jinoiy javobgarlik choralari ham kuchaytirilganligi, qishloq xoʻjaligi sohasining isloh qilinganligi, shuningdek, paxta ishlab chiqarishni, uning narxi shakllantirilishini va majburiy sotilishini davlat tomonidan tartibga solishdan voz kechilgani taʼkidlandi.

B.Friman Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi tomonidan majburiy mehnatga qarshi kurashishda amalga oshirilgan saʼy-harakatlar amaliy va tizimli ekanligi, uning natijalari nafaqat mamlakat ichida, balki keng xalqaro hamjamiyat tomonidan eʼtirof etilayotganini qayd etdi.

— Oʻzbekistonda soʻnggi yillardagi islohotlar natijasida mutlaqo yangi muhit shakllandi, — dedi “Cotton campaign” xalqaro koalitsiyasi rahbari B.Friman. — Paxta-yigʻim terimi mavsumida majburiy mehnatdan foydalanmayotgani va unga toʻliq barham berilgani nafaqat bizning koalitsiyamiz, balki fuqarolik jamiyati vakillari hamda xalqaro tashkilotlar tomonidan ham eʼtirof etilmoqda.

Tadbir davomida ikki tomonlama aloqalarni yanada mustahkamlash va hamkorlikni rivojlantirishga kelishib olindi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.