"Shu munosabat bilan Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa byurosi rahbari Xans Klyuge ushbu hududda joylashgan mamlakatlar aholisi va hukumatlariga murojaat bilan chiqdi", deya xabar bermoqda SSV.

Qayd etilishicha, mintaqada so‘nggi olti hafta ichida COVID-19 bilan kasallanish holatlari uch baravar, shifoxonaga yotqizilganlar esa ikki baravar oshgan.

Bemorlar soni asosan keksa yoshli insonlar hisobiga o‘sishda davom etyapti. Eng yomoni, xastalik oqibatida har haftada 3 mingga yaqin kishi hayotdan ko‘z yummoqda.

“Xavotirli jihati, bolalar yozgi ta’tildan qaytib, o‘qish mavsumi boshlangach, vaziyat yanada yomonlashishi mumkin, — deydi  X.Klyuge. — Ammo kuz kelishini kutib, zarur chora-tadbirlarni ortga sursak, epidemiologik vaziyat butunlay izdan chiqishi hech gap emas”.

Shundan kelib chiqqan holda JSSTning Yevropa byurosi kuz-qish mavsumi uchun harakatlar strategiyasini taqdim etdi.

 Unda belgilangan dastlabki chora-tadbir emlash qamrovini oshirishni ko‘zda tutadi.

 Xususan, besh va undan katta yoshdagi immuniteti zaif kishilar hamda xavf guruhiga mansub aholi qatlamiga koronavirusga qarshi vaksinaning oxirgi bosqichidan uch oy o‘tgach, ikkinchi kuchaytiruvchi dozani qo‘llash tavsiya etilgan.

 Bino va inshootlar ichkarisida hamda jamoat transportida niqob taqishni rag‘batlantirish lozim.

 Aholi gavjum joylar (maktablar, idoralar, jamoat transporti) ventilyatsiya tizimi bilan ta’minlanishi kerak.

 Kasallikning og‘ir bosiqchini boshdan kechirish xavfi ostida bo‘lganlar uchun qat’iy terapevtik protokollar o‘rnatish zarur.

Xans Klyuge koronavirusning yangi mutatsiyalari avvalroq kasallikni boshdan o‘tkazganlarga ham yuqishi mumkinligi va uning oqibatlari davomli bo‘lishidan ogohlantirdi.

“Masalan, birgina Buyuk Britaniyada ikki million nafarga yaqin kishi, ya’ni mamlakat aholisining uch foizi hozir COVID-19 asoratlaridan aziyat chekmoqda” — deydi mutaxassis.