Komendantlik soati mamlakat hududida 7,5 oy davomida amal qildi.

“Komendantlik soatining joriy etilishi koronavirus infektsiyasining uchinchi to'lqini bilan bog'liq bo'lgan haqiqiy ehtiyojdan kelib chiqqandi. Ammo so'nggi juda yaxshi natijalar endi bu choraga zarurat qoldirmayapti”, — deya bosh vazir so'zlarini keltiradi Euronews.

Frantsuzlar 7 oydan ko'proq vaqt davomida taqishlari shart bo'lgan niqoblar endi faqat bino ichida va ba'zi holatlarda, masalan, jamoat joyida yoki navbatda turganida majburiy hisoblanadi.

Rasmiylar aholini emlash kampaniyasida faol ishtirok etishga chaqirdi. Ayni paytda Frantsiyada 16,5 million kishi har ikkala dozada emlangan — bu umumiy aholining 1/5 qismidan sal ko'proqdir.

Frantsiyada yuqumli kasallik soni sezilarli darajada kamaydi va kuniga 5 ming nafardan pastga tushib ketdi. Xuddi shu vaqt ichida koronavirusdan 10 tadan kam o'lim qayd etilgan. Reanimatsiya bo'limlariga yotqizilganlar soni ham kamayib bormoqda: hozirda 2 ming kishi reanimatsiyada yotgan bo'lsa, aprelda 6 ming kishining ahvoli o'ta og'ir edi.