Toshkent shahridagi “City Palace” mehmonxonasida O'zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi hamda Xalqaro migratsiya tashkiloti (XMT) hamkorligida “Covid-19 pandemiyasining migrantlar harakati va himoyasiga ta'siri” mavzusida xalqaro seminar o'tkazildi. Xalqaro seminarda Vazirlar Mahkamasining Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O'zbekiston fuqarolari huquqlarini himoya qilish va xalqaro iqtisodiy hamkorlik masalalari departamenti, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Xalqaro migratsiya tashkilotining O'zbekiston bo'yicha koordinatori, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi, vazirlik hamda idoralar rahbar va mas'ul xodimlari, Markaziy Osiyo, Rossiya Federatsiyasi, XMT vakillari, maxsus ekspertlar ishtirok etdi. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi axborot xizmati xabar berdi.
Global Covid-19 pandemiyasi mamlakatlar va insoniyat uchun jiddiy muammolarni keltirib chiqardi. Pandemiya nafaqat sog'liqni saqlash muammosiga aylandi, balki davlatlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining barqarorligi, aholi turmush farovonligiga salbiy ta'sir ko'rsatdi. Pandemiya dunyoning deyarli barcha mamlakatlari aholisi ish joyi va ish haqining saqlanib qolishiga sezilarli ta'sir ko'rsatdi. Ko'p sonli kompaniya va tashkilotlar o'z faoliyatini qisqartirish yoki ishlab chiqarish va xizmatlar hajmini kamaytirishga, qayta rejalashtirishga majbur bo'ldi. Ko'plab davlatlarda ish o'rinlarining yo'qolishi, maxsus karantin choralari, davlat chegaralarining yopilishi va harakatlanishning cheklanganligi mehnat migrantlar uchun yangi muammolarni keltirib chiqardi. Muhtoj migrantlar sonini aniqlash masalasi davlat organlari, soha mutaxassislari va xalqaro tashkilotlarning kun tartibida bo'ldi.
Xalqaro tashkilotlar, masalan BMT, JSST ma'lumotlariga ko'ra, karantin choralari sharoitida korxonalar ishining to'xtatilishi dunyoda ish bilan band bo'lgan aholi umumiy sonining 81 foiziga ta'sir ko'rsatdi. Markaziy Osiyo davlatlari o'z fuqarolarini chet elda qo'llab-quvvatlash uchun bir qator tadbirlarni amalga oshirdi. Bunday sharoitda aholi, ayniqsa, xorijda mehnat migratsiyasida bo'lgan fuqarolarni ish bilan ta'minlashga qaratilgan amaliy choralarni ishlab chiqish O'zbekiston uchun jiddiy muammo bo'lib qoldi.
Ta'kidlash joizki, so'nggi yillarda O'zbekistonda migratsiyani boshqarish va mehnat migrantlarini himoya qilish sohasida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Rossiya Federatsiyasi, Qozog'iston, Turkiya, YAponiya va Birlashgan Arab Amirliklari bilan mehnat migratsiyasi bo'yicha hukumatlararo shartnomalar tuzildi. CHet elda ishlayotgan fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun alohida jamg'arma tashkil etildi. Maqsadli dasturlarni shakllantirish va ularni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun ma'lumotlar bilan ishlash muhim ahamiyatga ega. Harakatlarni ro'yxatdan o'tkazish tizimi XMT tomonidan aynan shu maqsadlar uchun ishlab chiqilgan bo'lib, mutaxassislar uchun migrantlarning harakatlarini qayd etish va migratsiya oqimlarini o'zgartirish bo'yicha samarali vosita hisoblanadi.
BMT Bosh Assambleyasining 2018 yil 10-11 dekabr` kunlari Marokashda bo'lib o'tgan yig'ilishida xalqaro migratsiya sohasida barcha jabhalarda hamkorlikni mustahkamlash maqsadida «Xavfsiz, tartibli va qonuniy migratsiya to'g'risidagi global shartnoma» qabul qilingan. Xavfsiz, tartibli va qonuniy migratsiyaga erishish uchun mazkur SHartnoma 23 ta maqsadni o'z ichiga oladi. Birinchi maqsad – empirik asoslangan siyosatni ishlab chiqish uchun asos sifatida aniq va batafsil ma'lumotlarni yig'ish va ulardan foydalanishdan iborat.
SHu munosabat bilan seminarning asosiy maqsadi pandemiya sharoitida jins, yosh, migratsion holat va boshqa milliy parametrlar bo'yicha aniq, ishonchli va taqqoslangan ma'lumotlarni yig'ish, tahlil qilish va tarqatish jarayonlarini takomillashtirishga ko'maklashishdir. SHuningdek, seminarda tegishli davlat idoralari tomonidan ushbu yo'nalishda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to'g'risida ma'lumot taqdim etish, tajriba almashish va fikr almashish uchun platforma yaratiladi.