COVID-19 va boshqa viruslardan himoyalovchi innovasion minora

    Lotus Engineering korxonasi asoschisi hamda Innovasion rivojlanish vazirligining Toshkent viloyati hududiy innovasion rivojlanish boshqarmasi boshlig'i Amir Abidov va uning iqtidorli ukasi Sulton Abidovlar tomonidan “Innovasion minora” taqdim etildi. Innovasiyalar Milliy ofisi ma'lumotiga ko'ra ishlanma havoni turli zararli unsurlardan tozalab, inson organizmini viruslardan himoya qiladi. Ishlanma mualliflari bu haqda batafsil so'z yuritadi:

    — CleanBox nomi ostida yana bir yangi loyihani ishga tushirish arafasidamiz. Buyuk bobokalonimiz Abu Ali ibn Sino aytganiday, agar havoda chang zarralari bo'lmaganida edi, inson ming yil umr ko'rardi. Inson salomat bo'lishi uchun toza havo va suvning o'zi kifoya. Shu sababli aksariyat insonlar toza havodan nafas olish maqsadida tog' yon-bag'irlariga yo'l olishadi. Shaharlarda istiqomat qiladigan aholi toza havo kamligi bois ko'pincha o'zida toliqish his qiladi. Negaki havoda karbonat angidrid mavjud. Tabiiyki, turli xil avto ulovlar va zavodlardan chiqayotgan gaz tufayli havo zaharlanadi. Unga mikrob va viruslar ham qo'shiladi. Innovatorlarning vazifasi imkon qadar aholining turmush tarzini yaxshilashga xizmat qiladigan ishlanmalar taqdim qilishdir. Ayniqsa, hozirda butun dunyo miqyosida hukm surayotgan pandemiya sharoiti ko'p imkoniyatlarni cheklamoqda.

    Agar bilsangiz, havoni tozalash bo'yicha maxsus fond ham tashkil etilgan. Biz ham bu muammo echimiga o'z hissamizni qo'shish maqsadida mana shunday minora prototipini yaratdik. Unga o'z fil`trlarimizni o'rnatishni ko'zladik. Minorani shaharning qoq markaziga o'rnatishni rejalashtirmoqdamiz. U shahar havosini tozalab, kislorod ishlab chiqaradi. Muhimi, minora ko'ngildagidek ishlashi uchun hech qanday elektr quvvat shart emas. Faqatgina unga quyosh nurlari tushib tursa bo'lgani. Natijada minorada yig'ilgan havo qizib, yuqoriga ko'tarilishni boshlaydi. Sovuq havo minoraning yon tomonidan tortib olinadi va shunday holatda konveksiya ishlari bajariladi. Keyin havo fil`trdan o'tkaziladi va shahar ahli tog' bag'ridagidek toza havodan bahramand bo'ladi.

    Dunyoning nufuzli jurnallaridan biri Virusesda shu kabi fil`trlarning COVID-19 virusiga qarshi faolligi o'rganildi. Natijada 20 daqiqa ichida havodagi virusning 99,9 foiz faolligi pasaytirilishi aniqlangan. CleanBoxdagi fil`trlar yuqoridagi ko'rsatilgan maqoladagiga o'xshagan, lekin farqi shundaki, milliy mahsulotimizda ul`trabinafsha nur ishlatilmaydi. Qolaversa, uning faolligi ham ancha yuqori. Hozirgi paytda CleanBox mahsulotlari, shu jumladan, minora modellari turli laboratoriyalarda COVID-19 ga qarshi faolligi darajasi tekshirilmoqda.

    Fil`tlar ishlashni boshlaganda, mikrob, bakteriya va viruslar, hatto yoqimsiz hidlarni ham so'rib oladi. Qolaversa, bu minorani tashlandiq zavodlarning yon-atrofiga o'rnatishni ham ko'zlaganmiz. Har bir minora 10 km.gacha bo'lgan masofani qamrab oladi va zararsizlantirish kuchiga ega.

    O'ylaymanki, ushbu loyiha tez kunda ishga tushiriladi va shahar aholisi toza havodan rohatlanishni boshlaydi!