COVID-19 vaksinalari 1,5 million kishini oʻlimdan saqlab qoldi

    Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti COVID-19 ga qarshi vaksinalar samaradorligi yuzasidan oʻtkazilgan yangi tadqiqot natijalarini eʼlon qildi.

    Hisobotda qayd etilishicha, bunday emlash vositalari tashkilotning Yevropa mintaqaviy byurosiga aʼzo mamlakatlarda qariyb 1,5 million kishining hayotini saqlab qoldi.

    Ularning katta qismi 80 yoshdan oshgan keksalardir. Qoʻllanilgan vaksinalar ushbu qatlam oʻrtasida oʻlim holatlarini 62 foizga kamaytirish imkonini berdi. Barcha aholi yosh toifasi boʻyicha esa bu koʻrsatkich 57 foizni tashkil etdi.

    JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Xans Klyugening taʼkidlashicha, pandemiya boshlanganidan to hozirgacha mazkur hududda joylashgan aʼzo davlatlarda koronavirusga chalingan 277 million kishining 2,5 milliondan ortigʻi hayotdan koʻz yumdi. Agar vaksinalar boʻlmaganida, yoʻqotishlar soni 4 millionga yaqinlashar edi.

    Biroq insoniyat hali ham COVID-19 xavfidan toʻliq xalos boʻlgani yoʻq. Oqibatda koʻplab xastalanish va oʻlim holatlari kuzatilmoqda. Bu esa emlanish hamon dolzarb ekanligini anglatadi.