Tadqiqotga koʻra, COVID pandemiyasining taʼsiri shunchalik chuqur boʻlganki, u odamlarning feʼl-atvorini oʻzgartirgan. Ilgari psixologlar zilzilalar yoki boʻronlar kabi jamoaviy stressli holatlar va shaxsiyat oʻzgarishi oʻrtasidagi bogʻliqlikni topa olishmagan edi.

Biroq, yoʻqotishlar yoki uzoq muddatli ijtimoiy izolyatsiya odamlarga taʼsir qilganga oʻxshaydi. “Yoshlar injiqroq va stressga moyil, ishonchsiz, hamkorlik qilishdan qochadigan, masʼuliyatsiz boʻlib qolishdi”, deydi Florida universiteti tibbiyot kolleji professori Anjelina Sutin boshchiligidagi tadqiqot mualliflari.

Sutin va uning hamkasblari “Amerikani tushunish” onlayn soʻrovida qatnashgan 7109 nafar kishining feʼl-atvorini pandemiyadan oldin va pandemiya davomida oʻtkazilgan soʻrovlar asosida baholashgan. Ishtirokchilar beshta xususiyatni — nevrotizm, ekstraversiya, ochiqlik, xushmuomalalik va vijdonlilikni oʻlchaydigan keng qoʻllaniladigan shaxsiy testlarni toʻldirishgan.