“Vektor” virusologiya va biotexnologiya markazi tomonidan yaratilgan koronavirus vaksinasini sinab koʻrgan barcha koʻngillilar oʻzlarini yaxshi his qilmoqda, emlashdan keyin hech qanday asoratlar aniqlanmadi, deb xabar beradi TASS Rospotrebnadzor matbuot xizmatiga tayanib.
“EpiVakKorona” vaksinasi beshta koʻngillidan uchtasiga yuborildi. Toʻrtinchi emlash 5-avgust kuni amalga oshiriladi. Taʼkidlanishicha, birinchi koʻngillilar 21 kundan keyin ikkinchi sinovdan oʻtishadi.
Avgust oyi boshlarida Gamaleya nomidagi Epidemiologiya va Mikrobiologiya Markazida ishlab chiqilgan COVID-19 vaksinasining klinik sinovlari yakunlangani maʼlum boʻldi.
Taʼkidlanishicha, Rossiyaning COVID-19 ga qarshi vaksinasi yuz foiz koʻngillilarda immunitetni shakllantiradi.
Rossiyaliklarni ommaviy emlash oktyabr oyida boshlanishi kutilmoqda. Mamlakatda eng birinchi tibbiyot xodimlari va oʻqituvchilar emlanadi.