COVID–19 ga antitana va antigenga ekspress testlarni sertifikatlashtirmasdan import qilishga ruxsat berildi

    Salomatlik 26 Sentabr 2020 1021

    Vazirlar Mahkamasining “Koronavirus pandemiyasi davrida dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalar muomalasini tartibga solishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2020-yil 22-iyuldagi 449-son qaroriga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida Hukumat qarori (582-son, 24.09.2020-y.) qabul qilindi.

    Qaror bilan Oʻzbekistonda roʻyxatdan oʻtkazmasdan hamda sertifikatlashtirmasdan import qilinadigan, COVID-19 infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolashda qoʻllaniladigan tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalar roʻyxatiga COVID–19 ga antitana va antigenga ekspress testlar ham qoʻshildi.

    Shuningdek, Oʻzbekistonda roʻyxatdan oʻtkazmasdan, majburiy sertifikatsiyalashtirish sharti bilan import qilinadigan dori vositalari va biologik faol moddalar roʻyxatiga quyidagi dori vositalari qoʻshildi:

    • gripp vaksinasi (OʻRVI);
    • koronavirus vaksinasi (COVID-19);
    • pnevmokokk vaksinasi;
    • bariya sulfat;
    • pankuroniya bromid/pipekuroniya bromid/atrakuriya besilat;
    • sefepim-tazobaktam;
    • nitroglitserin.

    2021-yil 1-martga qadar COVID-19 infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolashda qoʻllaniladigan dori vositalarini ishlab chiqarish uchun ishlatiladigan dori moddalari (substansiyalar) import qilinganda qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod etiladi.

    Shuningdek, tibbiy buyumlarini, dori vositalari va ularni ishlab chiqarish uchun ishlatiladigan dori moddalarini Oʻzbekistonda roʻyxatdan oʻtkazmasdan bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirish va realizatsiya qilish muddati 2020-yil 1-oktyabrdan 2021-yil 1-martga qadar uzaytirildi.