Toshkent shahar, Yangihayot tumanida yashovchi 22 yoshli X.S. murojaatida “Telegram” messenjerida ijaraga xonadon olish maqsadida “Sobirov” profil foydalanuvchisi bilan tanishgani, uning xonadonini ijaraga olish bo‘yicha o‘zaro kelishilgani va oldindan to‘lovni bir qismi sifatida o‘zining bank kartasidan 1.070.000 so‘m miqdoridagi pulni o‘tkazib bergach "Sobirov" profil foydalanuvchisi suhbat yozishmalarini o‘chirib yuborib, murojaatchini qora ro‘yxatga kiritib qo‘yganini ma’lum qilgan.
Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik bo‘linmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, ushbu jinoyatni Farg‘ona viloyati, Oltiariq tumanida yashovchi, muqaddam sudlangan, 25 yoshli M.M. sodir etganligi aniqlandi.
Gumonlanuvchi sifatida tergov organlariga jalb etilgan M.M., internet foydalanuvchilariga “Telegram” messenjeridagi “Sobirov” profili orqali o‘zini “Uy egasi” sifatida tanishtirgan holda, ularni qiziqtirib, bank karta ma’lumotlarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritish orqali ularning mablag‘larini o‘zlashtirib, qing‘ir yo‘llar bilan boylik orttirib kelganligi aniqlandi.
Mazkur holat yuzasidan M.M.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Qonunga muvofiq, M.M. tomonidan sodir etilgan jinoiy harakatlar uchun 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.