Daewoo Construction Group Toshkent bilan hamkorlikka katta qiziqish bildirdi

    Xalqaro hamkorlik 5 Oktabr 2022 643

    Toshkent shahar hokimligida Janubiy Koreyaning Daewoo Construction Group kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Jung Von Ju boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Toshkent shahar hokimining arxitektura, kapital qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari Baxtiyor Rahmonov mehmonlarni samimiy qarshi olib, ularning Oʻzbekiston va Toshkent bilan hamkorlik qilishga boʻlgan qiziqishidan xursand ekanligini bildirdi.

    Bugungi kunda poytaxtda Janubiy Koreyaning Bomi Engineering&Construction Co Ltd kompaniyasi Tashkent Cityʼda, Evergreen Motors Group kompaniyasi esa Seul koʻchasida yirik biznes markazini bunyod etayotganini aytib oʻtdi. Shuningdek, boshqa qator Koreya kompaniyalari ham turli sohalarda faoliyat yuritayotganini qoʻshimcha qildi.

    Toshkent shahar hokimligi Daewoo Construction Groupʼning poytaxt bilan hamkorlik qilishga oid qiziqishidan mamnunligini bildirib, shahrimizda amalga oshirilishi koʻzda tutilayotgan yirik loyihalardan biri bilan tanishtirib oʻtdi. Poytaxtimizning Yangihayot va Bektemir tumanlariga taalluqli boʻlgan ushbu loyiha turar joylar, yirik savdo majmualari, sanoat hududini va ijtimoiy obyektlar qurilishini oʻz ichiga oladi. Mehmonlarga loyiha yuzasidan tayyorlangan videorolik namoyish etildi va ularni qiziqtirgan savollarga javob berildi.

    Oʻz navbatida Daewoo Construction Group raisi Jung Von Ju doʻstona qabul va samimiy munosabat uchun minnatdorlik bildirdi. Toshkentdagi oʻzgarish va yangilanish jarayonlarini, oʻzbek xalqining mehmondoʻstligini alohida eʼtirof etib, xalqlarimizning madaniyati juda yaqinligiga toʻxtalib oʻtdi. Bugungi kunda ular tomonidan AQSH, Vyetnam va Filippinda amalga oshirilayotgan yirik loyihalar – Smart cityʼlar borasida maʼlumot berdi. Toshkent bilan ham bu borada muhim kelishuvga erishilsa, ana shunday keng koʻlamli zamonaviy loyihani amalga oshirishga qiziqish bildirdi. Shuningdek, yana koʻplab Koreya kompaniyalari Oʻzbekistonga kirib kelib, investitsiya kiritishini qoʻshimcha qildi, deb xabar beradi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.