BPJ hisobidan bir martalik toʻlov
Davlatdan nafaqa toʻlash tartibi Dafn etishga nafaqa tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisida nizom va Dafn marosimi uchun nafaqa tayinlash boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti bilan tasdiqlangan. Shuningdek yangi hujjat ham mavjud - 10.11.2020-yildagi 704-son VMQ bilan tasdiqlangan Maʼmuriy renlament, u bosqichma-bosqich joriy etiladi:
- avval Toshkent va Nukus shaharlarida;
- 2021-yil 1-fevraldan - barcha viloyatlar markazlarida;
- 2021-yil 1-sentyabrdan boshlab - butun respublika hududida.
Bu amaliyotda qanday ishlaydi?
1. Nafaqani nafaqat marhumning qarindoshi, balki dafnni amalga oshirish majburiyatini zimmasiga olgan boshqa shaxs ham olishi mumkin.
2. Nafaqa ham Oʻzbekiston fuqarosi vafot etganda, ham Oʻzbekiston hududida dafn etilgan Oʻzbekistonda doimiy yashash joyiga ega boʻlmagan chet el fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxs vafot etgan taqdirda tayinlanadi.
3. Nafaqa yuzasidan:
- shaxsan borib har qanday Xalq banki boʻlimiga (“Yagona oyna” markazidan yoki Pensiya jamgʻarmasidan maʼlumotnoma zarur emas);
- onlayn-rejimda YAIDXP orqali murojaat qilish mumkin.
4. Shaxsan boriladigan tartibda, ariza beruvchining pasporti, oʻlim toʻgʻrisidagi guvohnoma va oʻlim toʻgʻrisidagi roʻyxat yozuvi raqamidan tashqari, ariza beruvchining STIRini soʻrashlari mumkin. Biroq Reglamentga asosan ushbu hujjatlar ariza berishda majburiy hisoblanmaydi.
5. YAIDXP orqali ariza berishda (ERI yordamida) ariza beruvchidan, soʻrovnoma va arizaning oʻzidan tashqari boshqa hech narsa talab etilmaydi.
6. Arizani berish shaklidan qatʼi nazar, uni qayta ishlashga 5 daqiqa talab etiladi. Javob - toʻlov summasi, sanasi va joyi yoki - toʻlovni rad etish asoslari koʻrsatilgan holda darhol taqdim etiladi. Ariza berish muddatlarining buzilishi, arizadagi haqqoniy boʻlmagan maʼlumotlar, zarur hujjatlarning mavjud emasligi rad etish uchun asos boʻlishi mumkin.
7. Nafaqa faqat jismoniy shaxslarga toʻlanadi. Dafn etish majburiyatini zimmasiga olgan yuridik shaxslarga nafaqa toʻlanmaydi.
8. Nafaqa miqdori pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining 4 baravarini (4 x 262 470 soʻm = 1 049 880 soʻm) tashkil etadi.
9. Nafaqa murojaat qilish kunida tayinlanadi va bizga Xalq banki boʻlimlaridan birida tasdiqlaganlaridek - xuddi shu kuni toʻlanadi.
10. Arizani dafn etilganning oʻlimidan eʼtiboran 60 kun mobaynida berish mumkin.
11. 2020-yil 1-yanvardan boshlab nafaqa jismoniy shaxsning jami daromadiga kiritilmaydi va tegishincha, JSHDS va ijtimoiy soliq solinmaydi.
Ish beruvchidan moddiy yordam
Biz ilgari yozganimizdek, Dafn etishga nafaqa tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisida nizomda nazarda tutilgan nafaqani ish beruvchi tomonidan BPJ mablagʻlari hisobidan toʻlash tartibi bekor qilinmagan. Biroq, shunga qaramay, u amal qilmayapti. Nafaqa uchun ish joyi boʻyicha emas, balki Xalq banki boʻlimiga murojaat qilish zarur.
Bunda ish beruvchi vafot etgan xodimning oila aʼzolariga yoki oila aʼzosining vafoti munosabati bilan xodimga moddiy yordam koʻrsatishga haqli. Bunday yordamning miqdori cheklanmagan va korxonaning ichki hujjatlari bilan tartibga solinadi. Biroq shuni hisobga olish joizki, moddiy yordamning miqdori 4,22 MHEKMdan oshmagan taqdirda uni oluvchi JSHDS toʻlashdan ozod etiladi. 2021-yil 1-fevraldan boshlab ushbu summa 3 153 606 soʻmni (4,22 x 747 300) tashkil etadi.









