Dalyan tovar birjasi bilan hamkorlik aloqalari rivojlanadi

    Moliya 31 May 2023 1626

    Birjalararo aloqalarni rivojlantirish va yangi birja vositalarini joriy etish chora-tadbirlari doirasida Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi (UZEX) Dalyan tovar birjasi (DCE) bilan hamkorlik aloqalari kengaymoqda.

    Xususan, Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi va Dalyan tovar birjasi tomonidan imzolangan Oʻzaro anglashuv Memorandumiga koʻra ikki birja zamonaviy birja savdolarini samarali tashkillashtirish, yangi birja vositalari, shu jumladan tovar derivativlarini joriy etish va rivojlantirish boʻyicha loyihalarni amalga oshiradi.

    Shu maqsadlarda, Dalyan tovar birjasida Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasining birja savdolari ekspertlari va IT mutaxassislari uchun maxsus stajirovkalar tashkillashtiriladi.

    Shuningdek, Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi Dalyan tovar birjasi (DCE) bilan axborot almashinuvi sohasida ham hamkorlik qiladi. Bunda, birja kotirovkalari va birja faoliyatiga oid statistik maʼlumotlar ikki birjalarning axborot tizimlariga joylashtiriladi. Bu, oʻz navbatida, Oʻzbekiston va Xitoy tadbirkorlari uchun ikki mamlakat tovar bozorlari konyunkturasi toʻgʻrisida maʼlumotlarga tezkor ega boʻlish imkonini beradi.

    Bundan tashqari, Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi tovar aylanmasini birja mexanizmlarini qoʻllash orqali oshirish maqsadida ikki birja savdo tizimlarining integratsiya qilish va ularning brokerlik idoralarini oʻzaro akkreditatsiyadan oʻtkazish masalalari ham koʻrib chiqilyapti.

    Mazkur loyihalarni amalda tatbiq etish maqsadida Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi va Dalyan tovar birjasi tomonidan maxsus ishchi guruhlari tuzildi, deb xabar beradi “Oʻzbekiston Respublikasi Tovar-xom ashyo birjasi” Aksiyadorlik jamiyati matbuot xizmati.

    Maʼlumot uchun: Dalyan tovar birjasi Xitoyning eng yirik birjalaridan biri boʻlib, 1993-yilda tashkil topgan. Birjada bugʻdoy, makkajoʻxori, soya, loviya, guruch, koʻmir, koks, poliyetilen va polipropilen kabi mahsulotlar boʻyicha birja savdolari oʻtkaziladi.