“Oʻzgidromet” maʼlum qilishicha, soʻnggi kunlarda kuzatilgan nisbatan qulay ob-havodan keyin dam olish kunlari respublika boʻylab havo harorati asta-sekin koʻtariladi.

Bugun kunduzi havo harorati asosan 34–37 daraja boʻladi. Shanba va yakshanba kunlari esa 37–40 darajagacha, shimoliy, janubiy va choʻl hududlarining ayrim joylarida 41–42 darajagacha isishi kutilmoqda.

Shu kunlarda respublika boʻyicha yogʻingarchilik kutilmaydi. Faqat togʻli hududlarning ayrim joylarida momaqaldiroq bilan qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi mumkin.

Shuningdek, Toshkent viloyati hamda Fargʻona vodiysi viloyatlarining togʻ oldi va togʻli hududlarida sel-suv toshqinlari yuzaga kelishi ehtimoli bor.

8–9-avgust kunlari respublika shimoli va choʻl hududlarida shamol tezligi soniyasiga 13–18 metrgacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-toʻzonlar kuzatilishi mumkin.

Toshkent shahrida ham yogʻingarchilik kutilmaydi. Bugun kunduzi havo harorati 36 daraja atrofida boʻlsa, dam olish kunlari 37–39 darajagacha koʻtariladi. Kechalari havo 21–24 daraja iliq boʻladi. Shamol sharqdan soniyasiga 3–8 metr tezlikda esadi.