Dam olish kunlari havo harorati +10 darajagacha koʻtariladi

    Ertaga faqat Fargʻona vodiysi viloyatlarida kechasi va ertalab yomgʻir va qor koʻrinishidagi yogʻingarchilik saqlanib turadi.

    Oʻzbekistonning qolgan hududlarida yogʻingarchiliksiz ob-havo kuzatiladi. Koʻpchilik hududlarda havo harorati kechasi 0-5 daraja sovuqqacha pasayadi, kunduzi 3-8 daraja iliqni, shimolda kechasi 8-13 daraja sovuqni, kunduzi 0-5 daraja iliqni tashkil etadi.

    Yakshanba kuni mamlakatimiz hududida ochiq va quyoshli ob-havo boʻlishi kutilmoqda. Harorat kechasi 0-5 daraja sovuq atrofida boʻlishi saqlanib turadi, kunduzi 7-10 daraja iliqqacha koʻtariladi, respublika shimolida kechasi 5-10 daraja sovuqqacha, kunduzi 2-7 daraja iliqqacha boʻladi.

    20-21-yanvarda shimolda va choʻl hududlarda baʼzi joylarda shamol tezligi 13-18 m/s gacha kuchayishi mumkin.

    Toshkent va Namangan viloyatlarining togʻli hududlarida ushbu kunlarda qor koʻchishi xavfi bor.

    Poytaxtimizda: bugun vaqti-vaqti bilan biroz yogʻingarchilik (yomgʻir, qor) boʻladi. Shamol gʻarbdan 3-8 m/s tezlikda esadi. Harorat kunduzi 5-7 daraja iliqdan yuqori boʻlmaydi.

    Dam olish kunlari yogʻingarchilik kutilmaydi, kechasi va ertalab tuman tushishi mumkin. Sharqiy yoʻnalishdagi shamol tezligi 3-8 m/s atrofida boʻladi. Kechasi havo harorati 1-3 daraja sovuqqacha pasayadi, kunduzi 4-7 daraja iliq atrofida boʻladi.