Dam olish kunlari havo-harorati asta-sekin pasayadi

    Avgust oyining oxirgi kunlarida va 1−3-sentyabr bayram kunlarida Oʻzbekiston hududi boʻyicha quruq va kam bulutli ob-havo boʻlishi kutilmoqda.

    Bu haqda Oʻzgidromet xabar berdi.

    Havo harorati 30−31-avgustda kunduz kunlari +31…+35 daraja atrofida, janubda +37 darajagacha boʻladi. 1-sentyabrdan respublika hududi boʻyicha harorat foni asta-sekin pasayadi va 2−3-sentyabrda harorat +28…+31 daraja atrofida boʻladi. Harorat kechalari +13…+15 darajagacha pasayadi.

    Nisbatan salqin havoning kirib kelishi baʼzi joylarda shamol tezligi 15−20 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-toʻzonlar bilan qayd etiladi.

    Poytaxtda 30−31-avgust va 1−3-sentyabr kunlari havo asosan ochiq boʻladi. Shamol 3−8 m/s tezlikda esadi, 1−2-sentyabrda 10−14 m/s gacha kuchayishi mumkin. Harorat asosan kechalari +15…+18, 3-sentyabrda +13…+15 daraja, kunduz kunlari 30−31-avgust va 1-sentyabrda +30…+34 daraja, 2−3-sentyabrda +28…+30 daraja boʻladi.