Dam olish kunlari salqin va seryogʻin boʻlishi kutiladi

    Mamlakatimizda 25 Avgust 2023 1543

    Yakshanba kuni Oʻzbekiston hududining katta qismida ob-havoning keskin oʻzgarishi kutilmoqda.

    Bugun kunduz kuni Oʻzbekiston hududi boʻyicha kam bulutli, quruq va issiq ob-havo saqlanib turadi. Havo harorati 36-39 darajaga yetadi.

    Ertaga, 26-avgustda respublikaning shimoli-gʻarbiy hududlariga Rossiyaning janubiy hududlaridan nam va salqin havo massalari kirib kelishi boshlanadi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm viloyatida va kunning ikkinchi yarmida Buxoro, Navoiy viloyatlarida baʼzi joylarda qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin.

    Respublikaning qolgan hududlarida 26-avgustda quruq ob-havo saqlanib turadi, harorat 33-36 darajani tashkil etadi.

    27-28-avgust kunlari nam va salqin havo massalari kirib kelishi Oʻzbekistonning barcha hududlarini qamrab oladi. Barcha joylarda bulutlilik kuchayishi kutilmoqda, respublikaning koʻpchilik viloyatlarida baʼzi joylarda vaqti-vaqti bilan momaqaldiroq bilan yomgʻir yogʻadi. Kunduzgi havo harorati 23-28 darajagacha pasayadi. Kechasi va ertalab havo biroz salqinlashadi. 28-avgustga kelib, kechasi harorat 13-16darajagacha pasayadi.

    Ushbu kunlarda shamol tezligi 17-22 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda, baʼzi joylarda 23-25 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-toʻzon bilan kuzatilishi mumkin.

    Respublikaning togʻ oldi va togʻli hududlarida ob-havoning oʻzgarishi sezilarli boʻladi, bu hududlarda 27-28-avgust kunlari baʼzi joylarda kuchli yomgʻirlar yogʻib oʻtadi.

    Kutilayotgan kuchli yomgʻirlar yogʻishi hisobiga respublikaning togʻ oldi va togʻli hududlarida 27-29-avgust kunlari sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.

    Poytaxtimizda:

    25-26-avgust kunlari havo asosan biroz bulutli boʻladi, yogʻingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 5-10 m/s tezlikda esadi. Harorat 25-avgustda 36-38daraja, 26-avgustda kechasi 22-24daraja, kunduz kuni 34-36 daraja boʻladi.

    27-avgustda va kechasi 28-avgustda vaqti-vaqti bilan yomgʻir yogʻadi momaqaldiroq boʻlishi mumkin.

    28-avgustda ertalab biroz yomgʻir yogʻishi mumkin, kunduzi yogʻingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 5-10 m/s tezlikda esadi. Harorat kechalari 14-16darajagacha, kunduz kunlari 24-26 darajagacha pasayadi, deb xabar beradi Oʻzbekiston gidrometeorologiya xizmati markazi.