Dam olish kunlari issiq biroz pasayadi

    Yashil sayyora 9 Iyun 2023 1389

    Oʻzgidromet Oʻzbekiston boʻyicha 9-11-iyun kunlari kuzatiladigan ob-havo maʼlumotini eʼlon qildi.

    Ushbu haftaning oʻrtasidan Oʻzbekistonning gʻarbiy hududlariga Volga boʻyi hududlaridan nisbatan salqin havo kirib keldi.

    Ikki kun davomida Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida havo harorati 7-10 darajaga pasaydi va kecha kunduzni 30-35 darajani tashkil etdi.

    Bugun Buxoro, Navoiy viloyatlarida, shanba va yakshanba kunlari markaziy, janubiy va sharqiy viloyatlarda issiq biroz pasayadi. Biroq, respublika hududining katta qismida haroraning pasayishi shimoliy hududlardek sezilmaydi. Kunduzgi harorat 33-38 darajagacha pasayadi.

    Bugun va dam olish kunlari respublika boʻyicha quruq ob-havo saqlanib turadi, faqat togʻli hududlarda shanba va yakshanba kunlari qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi va momaqaldiroq boʻlishi mumkin.

    9-11-iyun kunlari respublika boʻyicha baʼzi joylarda shamol tezligi 17-22 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-toʻzon bilan kuzatilishi mumkin.

    Poytaxtimizda 9-11-iyun kunlari havo biroz bulutli boʻladi, vaqti-vaqti bilan oʻzgarib turadi, yogʻingarchilik kutilmaydi. Sharqiy shamol yoʻnalishini oʻzgartirib, gʻarbdan 5-10 m/s tezlikda esadi, 9-10-iyunda
    12-15 m/s gacha kuchayishi mumkin. Harorat bugun kunduzi 38-40 daraja, dam olish kunlari 36-38 daraja boʻladi.

    Haroratning pasayishi uzoq davom etmaydi. Keyingi haftada harorat foni avvalgi 35-40 daraja, shimolda, janubda va choʻl hududlarda 41-42 darajagacha boʻlgan qiymatlarga qaytadi.