Juma kuni kunduzi respublikaning katta qismida yogʻingarchiliksiz ob-havo boʻlishi kutilmoqda. Faqat Fargʻona vodiysi viloyatlarida baʼzi joylarda qisqa muddatli yomgʻir yogʻadi, Toshkent viloyatida kunning ikkinchi yarmida baʼzi joylarda qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin.
Bunday holat ertaga — 27-aprel kuni ham saqlanib turadi. Kunning ikkinchi yarmida momaqaldiroq bilan qisqa muddatli yomgʻir faqat Toshkent viloyatida va Fargʻona vodiysi viloyatlarida yogʻishi mumkin. Yakshanba kuni Oʻzbekistonning barcha hududlarida yogʻingarchilik kutilmaydi. Ushbu kunlarda harorat foni pasayadi.
Juma kuni kunduzi havo harorati asosan +22…+27, shanba kuni +20…+25, yakshanba kuni esa +18…+23 daraja boʻladi. Havo harorati kechalari pasayadi, yakshanba kuniga kelib +8…+13 darajagacha pasayadi.
26-aprelda shimolda, janubda va choʻl hududlarda, 27−28-aprelda respublika boʻyicha baʼzi joylarda shamol tezligi 15−20 m/s gacha kuchayadi, ayrim joylarda chang-toʻzonlar bilan kuzatiladi.
26−28-aprelda togʻoldi va togʻli hududlarda baʼzi joylarda qisqa muddatli yomgʻir yogʻadi, momaqaldiroq boʻladi. Sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin. Baland togʻlarda 2000 m dan yuqorida qor koʻchishi xavfi saqlanib turadi.
Toshkent shahrida havo biroz bulutli boʻladi, juma va shanba kunining ikkinchi yarmida qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin. Yakshanba kuni yogʻingarchilik kutilmaydi. Shamol 5−10 m/s tezlikda esadi. Harorat bugun va ertaga kunduzi +21…+24, yakshanba kuni +18−+20 daraja atrofida boʻladi. Harorat kechalari +8…+10 darajagacha pasayadi.