Dam olish kunlari nisbatan salqin havo kirib keladi

    Bugun kunduzi Oʻzbekiston hududining katta qismida juda issiq ob-havo saqlanib turadi, havo harorati 40-42 daraja, janubida baʼzi joylarda 45 darajagacha boʻladi.

    Faqat Oʻzbekistonning shimoli-gʻarbiy hududlariga salqin havo kirib kelishi boshlandi. Hafta oʻrtasida ushbu hududda kuzatilgan juda issiq ob-havodan soʻng, bugun Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida kunduz kuni havo harorati 32-37 darajagacha pasayadi.

    Dam olish kunlari nisbatan salqin havo respublikaning barcha hududlariga tarqaladi. Havo harorati kunduz kunlari 33-38 daraja atrofida, respublika janubida 39-41 darajagacha boʻladi.

    Bu kunlarda Oʻzbekiston hududi boʻyicha quruq ob-havo saqlanib turadi. Faqat Toshkent viloyatining va Fargʻona vodiysi viloyatlarining togʻ oldi va togʻli hududlarida baʼzi joylarda qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin. Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida ayrim joylarda 11-avgustda momaqaldiroq bilan qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi mumkin.

    Shamol 7-12 m/s tezlikda esadi, baʼzi joylarda 15-20 m/s gacha kuchayadi, chang-toʻzonlar bilan kuzatiladi.

    Poytaxtimizda: havo biroz bulutli, vaqti-vaqti bilan oʻzgaruvchan boʻladi, yogʻingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 3-8 m/s tezlikda esadi,

    vaqti-vaqti bilan 10-14 m/s gacha kuchayishi mumkin.

    Harorat kechalari 10-avgustda 24-26 daraja, 11-avgustda 22-24 daraja, kunduz kunlari 9-avgustda 39-41 daraja, 10-11-avgustda 34-37 daraja boʻladi, deb xabar beradi Oʻzbekiston gidrometeorologiya xizmati agentligi.