Dam olish kunlari Oʻzbekistonda harorat 37 darajagacha koʻtariladi

    Oʻzgidromet shanba va yakshanba kunlari qanday harorat kuzatilishi haqida maʼlumot berdi.

    Dam olish kunlari Oʻzbekiston hududi boʻyicha asosan kam bulutli va biroz issiq ob-havo saqlanib turadi, havo harorati kunduzi +30...+35 daraja, baʼzi joylarda +37 darajagacha, kechasi va ertalab +17...+22 daraja boʻladi, deya xabar beradi Oʻzgidromet.

    Qayd etilishicha, shu yilning 5-6-sentyabr kunlari respublikaning ayrim joylarida shamol tezligi 13-18 m/s gacha kuchayishi, chang-toʻzonlar bilan kuzatilishi mumkin.

    Toshkentda: havo kam bulutli boʻladi. Shamol sharqdan 3-6 m/s tezlikda esadi, 5-sentyabrda baʼzi joylarda 8-10 m/s gacha kuchayishi mumkin.

    Harorat 5-sentyabrda +35...+37 daraja, 6-7-sentyabrda +33...+35 daraja, kechalari +18...+20 daraja boʻladi.