Bu haqda Oʻzgidromet xabar bermoqda.

Juma kunduzi va kechasi Oʻzbekiston hududi sovuq antitsiklon taʼsiri ostida boʻladi. Havo harorati asosan kunduzi 0…-3 daraja, shanbaga oʻtar kechasi −5…−8 daraja boʻladi.

Shanba kunduzi sovuq antitsiklon Oʻzbekiston hududidan chekinadi va sovuq havo massaslarining taʼsiri asta-sekin kuchsizlanadi. Harorat kunduzi 0…+3 daraja atrofida boʻladi.

Yakshanba kuni havo harorati nisbatan koʻtariladi. Sovuq kechalari 3 daraja sovuqdan 2 daraja iliqqacha kuchsizlashadi, kunduz kunlari +5…+8 darajagacha isiydi.

Faqat Fargʻona vodiysi viloyatlarida juma birinchi yarmida baʼzi joylarda kuchsiz qor yogʻadi, Navoiy, Samarqand, Qashqadaryo viloyatlarida shanbaning yarmida baʼzi joylarda biroz yogʻingarchilik (yomgʻir, qor) boʻladi.

25-yanvar kuni faqat Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm viloyatida va Fargʻona vodiysi viloyatlaridan tashqari respublikaning ayrim joylarida biroz yogʻingarchilik (yomgʻir, qor) boʻlishi mumkin.

Respublika boʻyicha baʼzi joylarga tuman tushishi mumkin. 24−25-yanvarda respublika boʻyicha baʼzi joylarda shamol tezligi 15−20 m/s gacha kuchayadi, ayrim joylarda baʼzida 22−25 m/s gacha kuchayishi mumkin.

Toshkent shahrida juma va shanba kuni yogʻingarchilik kutilmaydi. Kechasi va ertalab tuman tushishi mumkin. Yakshanba kuni asosan yomgʻir koʻrinishida biroz yogʻingarchilik boʻlishi mumkin. Yoʻllarda baʼzi joylarda yaxmalak kuzatiladi.

Havo harorati bugun kunduzi −1…−3 daraja boʻladi. Shanba kuni kechasi −6…−8 daraja, kunduzi 0…+2 daraja boʻladi. Yakshanba kuni kechasi −1…+1 daraja, kunduzi +5…+7 daraja boʻladi.