Dam olish kunlarida havo harorati qanday boʻladi?

    Bugun kunduzi Oʻzbekiston boʻyicha havo biroz bulutli, baʼzi joylarda oʻzgaruvchan boʻladi, yogʻingarchilik kutilmaydi, faqat Buxoro, Navoiy viloyatlarida va kechqurun Toshkent viloyatida baʼzi joylarda biroz qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin. Havo harorati 35-38 daraja atrofida, janubda va choʻl hududlarda 39-42 darajagacha boʻlishi saqlanib turadi.

    Dam olish kunlari Oʻzbekiston hududiga Volga boʻyi hududlaridan nisbatan salqin va nam havo kirib kelishi kutilmoqda.

    13-iyul kechasi va ertalab Toshkent viloyati va Fargʻona vodiysi viloyatlarida baʼzi joylarda biroz yomgʻir yogʻishi mumkin. Shuningdek Ustyurt hududlari boʻyicha qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi mumkin.

    14-iyulda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm, Toshkent, Sirdaryo viloyatlari va Fargʻona vodiysi viloyatlarida qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi va momaqaldiroq boʻlishi kutilmoqda.

    Shuningdek ayrim togʻ oldi va togʻli hududlarda qisqa muddatli yomgʻir yogʻadi va momaqaldiroq boʻladi.

    Respublikaning qolgan hududlarida dam olish kunlari yogʻingarchilik kutilmaydi.

    Havo harorati 13-14-iyul kunlari 30-35 darajagacha, janubda 36-39 darajagacha pasayadi.

    Shamol 7-12 m/s tezlikda esadi, baʼzi joylarda 13-18 m/s gacha kuchayadi, ayrim joylarda baʼzida 18-23 m/s gacha kuchayishi, chang-toʻzonlar bilan kuzatilishi mumkin.

    Poytaxtimizda: bugun va ertaga asosan yogʻingarchiliksiz ob-havo boʻlishi kutiladi, faqat bugun kechqurun, shuningdek 13-iyulda kechasi va ertalab shahar boʻyicha baʼzi joylarda biroz qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin.

    Yakshanba – 14-iyul kuni poytaxtimizda qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin.

    Shamol 3-8 m/s tezlikda esadi, momaqaldiroq paytida 10-13 m/s gacha kuchayadi.

    Bugun kunduzi harorat 36-38 daraja, shanba va yakshanba kunlari 32-34 daraja boʻladi, deb xabar beradi Oʻzbekiston gidrometeorologiya xizmati agentligi.