Jondor tumanida kurash boʻyicha turniri sovriniga "Damas” avtomashinasi qoʻyildi

    Turnirda yurtimiz hamda Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston kabi davlatlaridan 500 ga yaqin polvon ishtirok etishdi.

    Jondor tumanining markaziy oʻyingohida kurash boʻyicha buxorolik taniqli polvon, Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston mutloq gʻolibi, xalqaro toifadagi sport ustasi Chori polvon xotirasiga bagʻishlangan respublika ochiq turniri hamda Chori polvonning nevaralari Ibrohim va Abdurahmon Choriyevlarning xatna toʻylariga bagʻishlab katta toʻy kurashi boʻlib oʻtdi.

    Buxoro viloyati hokimligi, viloyat prokuraturasi tashabbusi hamda qator tashkilotlar hamkorligida oʻtkazilgan turnir xalqaro kurash qoidalari va asrlar davomida saqlanib kelinayotgan ota-bobolarimizning qadriyatlari asosida tashkil etildi, deya xabar beradi Buxoro viloyati Sportni rivojlantirish bosh boshqarmasi Matbuot xizmati.

    Unda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va mamlakatimizning barcha viloyatlaridan, shuningdek, qoʻshni Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston davlatlaridan 500 ga yaqin polvonlar ishtirok etishdi.

    Turnir ikki qismda oʻtkazildi. Dastlab polvonlar toʻy kurash musobaqasida ishtirok etib, 10 bosh tuya, 10 bosh ot, 10 bosh yrik shoxli qoramol, 50 bosh mayda shoxli mol, shuningdek, 100 mln soʻm miqdoridagi pul mukofoti va boshqa qimmatbaho sovgʻalar uchun kurash tushishdi.

    Shundan soʻng mutlaq vaznda gʻoliblar saralanadigan bahslarga start berildi.

    Qizgʻin va murosasiz ruhda kechgan, shu bilan birga uzoq vaqt davom etgan kurash bahslarida nihoyat gʻolib va sovrindorlar aniqlandi. Unga koʻra surxondaryolik polvon Zohid Husenov musobaqaning mutlaq gʻolibi sifatida “Damas” avtomobilini qoʻlga kiritdi.

    Faxrli 2-oʻrinni egallagan Surxondaryo viloyati vakili Muhsin Xisomiddinov 15 mln soʻm, 3-oʻrinlarni egallagan buxorolik Nurbek Toʻrayev va qashqadaryolik Sherali Joʻrayevlarning har biriga 10 mln soʻmdan pul mukofotlari topshirildi.