Sifati kafolatlanmagan va tegishli hujjatlarga ega boʻlmagan dori vositalarini noqonuniy aylanuviga qarshi bojxona organlari tomonidan tizimli ravishda kurash olib borilmoqda.
Xususan, Andijon viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi boʻlimi xodimlari tomonidan tezkor tadbir oʻtkazildi.
Tadbir davomida fuqaro X.J. boshqaruvidagi “Damas” rusumli avtotransport vositasi toʻxtatilib, avtomashina yukxonasi oʻrnatilgan tartibda koʻzdan kechirildi.
Natijada, avtomashinada fuqaro M.O.ga tegishli boʻlgan, bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtganligini tasdiqlovchi xech qanday hujjatlari boʻlmagan, xorijda ishlab chiqarilgan umumiy qiymati qariyb 70 million soʻmlik 16 000 dona “Immudon” nomli va 10 120 dona “MONTALIN” nomli dori vositalari borligi aniqlandi.
Hozirda ushbu holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.