AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp Vashington hududni o'z nazoratiga olishi kerakligini aytganidan keyin Daniya hukumati Grenlandiya mudofaasi uchun qo'shimcha mablag' ajratilishini e'lon qildi. Bu haqda Britaniyaning BBC radioeshittirish korporatsiyasi Daniya mudofaa vaziri Troels Lund Poulsenga tayanib xabar berdi.
Vazirning so'zlariga ko'ra, Grenlandiya mudofaasi uchun ajratiladigan mablag' “ikki raqami bor milliardlab miqdor”ni tashkil etadi. Vazir aniq miqdorni aytmadi, ammo mahalliy OAV hisob-kitoblariga ko'ra, bu “taxminan 12-15 milliard kron” (taxminan 1,7-2 milliard dollar) bo'ladi. Bu pul evaziga Daniya ikkita yangi kema va shuncha uzoq masofaga uchuvchi dronlarni sotib olishi mumkin bo'ladi, deya qo'shimcha qildi Poulsen.
Bundan tashqari, Daniya orol poytaxti Nuukdagi Arktika qo'mondonligi shaxsiy tarkibi sonini ko'paytirish niyatida. Qirollik shuningdek, F-35 tovushdan tez uchuvchi qiruvchi samolyotlariga xizmat ko'rsatish uchun Grenlandiyaning uchta asosiy fuqarolik aeroportlaridan birini yangilaydi, deb xabar beradi tass.ru.
“Biz ko'p yillar davomida Arktikaga yetarlicha sarmoya kiritmadik, endi biz hozirligimizni kuchaytirishni rejalashtirmoqdamiz”, dedi Poulsen.
Dekabr boshida Tramp AQShga Grenlandiyaga “egalik qilish va uni nazorat qilish” mutlaqo zarur ekanligini aytgandi. Amerikalik siyosatchining so'zlariga javoban Grenlandiya bosh vaziri Myute Egede orol “sotilmaydi va hech qachon sotilmaydi” dedi.