O‘zbekiston vakillari taqdim etgan mahsulotlar skandinaviyalik va boshqa xorijiy ishtirokchilar, jumladan taniqli aktyor va madaniyat arboblari orasida katta qiziqish uyg‘otdi. Xususan, daniyalik mashhur aktyor, shoumen va teleboshlovchi Melvin Kakuza (Melvin Kakooza) O‘zbekiston pavilyoniga tashrif buyurib, mamlakatimizning turizm salohiyati bilan yaqindan tanishdi. U pavilyonda namoyish etilgan foto va video materiallar, tarixiy yodgorliklar tasvirlari hamda milliy hunarmandchilik buyumlariga alohida qiziqish bildirdi.
1991-yilda Ugandada tug‘ilgan Melvin Kakuza Daniyada komedik janrdagi “Sunday” va “Helt sort” teleloyihalari hamda “Perfekte steder” seriali orqali keng jamoatchilikka yaxshi tanish. U stendap chiqishlari va televizion dasturlari bilan butun dunyoga mashhur bo‘lgan.
O‘zbekiston delegatsiyasi aʼzolari bilan samimiy suhbat chog‘ida Melvin Kakuza mamlakatimizning ko‘p asrlik tarixi va madaniy merosi unda katta taassurot qoldirganini taʼkidladi. Xususan, Samarqand, Xiva va Buxorodagi meʼmoriy ansambllar, Ipak yo‘li tarixi va Sharq sivilizatsiyasi rivojidagi o‘rni haqidagi maʼlumotlar uni qiziqtirganini bildirdi. Shu bilan birga, u O‘zbekistonning sayyohlik yo‘nalishi sifatida tobora ommalashib borayotganini hamda yurtimizga tashrif buyurish istagini qayd etdi.