25 yillik tajribaga ega oʻqituvchi Sharofat Mirzayeva daraxt bir joyda koʻkaradi, degan naqlga amal qilmaydi. Yaxshi mutaxassis har yerda qadr topadi, oʻrganadi va oʻsha yerni ham oʻzgartira oladi, degan shior bilan yashab kelmoqda. Faoliyati davomida Toshkent shahridagi koʻplab maktablarda ishlashga toʻgʻri kelgan. U har bir ishlagan joyidan kerakli saboqlar olgan. Qator eʼtiroflarga sazovor boʻlgan. Ayni kunda S.H.Sirojiddinov nomidagi respublika akademik litseyida ona tili va adabiyoti fanidan dars berib kelayotgan Sharofat opa faoliyati davomida erishgan yutuqlarini mamnun holda eslaydi.
–Pedagogik faoliyatim davomida bir qancha yutuqlarga erishdim, –deydi Sharofat Mirzayeva. – Shogirdlarim ortidan rahmatlar eshityapman. Bu yil akademik litseyimizda oʻquvchilarning toʻqson foizi talaba boʻlish sharafiga muyassar boʻldi. Oʻquvchilarimiz respublika fan olimpiadalarida ishtirok etib, munosib oʻrinlarni egallayapti. Kasbimni yaxshi koʻraman, hayot yoʻlim davomida turli vaziyatlarga duch kelgan boʻlsam ham kasbimni emas ish joyimni oʻzgartirganman va bundan achinmaganman. Bolaligimdan shu sohada faoliyat yuritishni istaganim uchunmi hech qachon xayolimga boshqa sohada faoliyat yuritish degan tushunchalar oʻtmagan. 25 yillik faoliyatimda shunga amin boʻldimki, oʻqituvchilik mening qismatim ekan. Oʻzbek tilini mukammal oʻrganaman degan bolajonlarga, badiiy adabiyot sir asrorlarini oʻrganuvchi ilm talab shogirdlarimga doim kasbim sir sinoatlarini, pedagogik mahoratlarimni boʻlishishga shayman. Men tufayli shogirdlarim yutuqlarga erishsa, kasbimni yanada yaxshi koʻrib ketaman.
Bugun salohiyatli oʻqituvchilarga har qachongidan ham talab yuqori. Bunga javoban oʻqituvchidan yuksak salohiyat, oʻz ustida ishlash talab etiladi.
- Sohada yaxshi natijaga erishishi uchun kadr, avvalo, oʻz kasbini sevishi kerak, shunda barcha qiyinchiliklarni yengib oʻtadi, - deydi deydi Sharofat Mirzayeva. –Bugungi kunda oʻqituvchilarga koʻplab imkoniyatlar yaratilyapti. Taʼlim tizimi tubdan yangilandi. Endi oʻquvchilarga shunchaki dars oʻtib boʻlmaydi.Zamon bilan hamnafas boʻlish kerak. Pedagog oʻz ustida ishlashi, fan va texnologiyalarni puxta egallashi kerak. Men ham mamlakatimizda oʻqituvchilarga yaratilayotgan imkoniyatlardan foydalanib, zamonaviy pedagog sifatida ishlab kelyapman.
Gulmira Nusratova,
OʻzJOKU talabasi