Daraxt kesgan fuqaro 100 tup daraxt ekadigan boʻldi

    Jondor tumani "Pochchoyi" mahallasida yashovchi fuqaro J.Sh. oʻzi yashaydigan mahalla hududidan 1 tup manzarali daraxtni qurigan deb, oʻzboshimchalik bilan kesib tashlagan.

    Bu haqda Buxoro viloyati Ekologiya boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.

    Qayd etilishicha, holat yuzasidan daraxtni kesgan fuqaroning mahalladoshlari Jondor tuman inspeksiyasi inspektorlariga qoʻngʻiroq qilib, murojaat qoldirgan.

    Murojaatga asosan tuman inspektorlari aytilgan manzilga borib, qurigan deb kesilgan daraxtni, maxsus oʻlchovchi asbob (vlagamer) yordamida oʻlchaganda daraxt qurimaganligi aniqlandi.

    Huquqbuzar fuqaroga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi MJtKning 79-moddasi 1-qismi bilan 9 180 000 soʻm jarima hamda tabiatga yetkazilgan zarar hisoblandi.

    Shuningdek, 1 tup daraxt oʻrniga kuz mavsumida 100 tup manzarali daraxt koʻchatlarini ekish hamda 3-yil parvarish qilish boʻyicha kafolat xati olindi.