Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida koʻp yillik daraxt qulab, uchta mashinani bosib qolgani tasvirlangan video va fototasvirlar tarqaldi. Toshkent shahar Ekologiya boshqarmasi matbuot xizmati holat yuzasidan maʼlumot berdi.

Taʼkidlanishicha, holat bir guruh mutaxassislar tomonidan joyiga chiqib oʻrganilganda shumtol daraxtining qulashiga tabiiy omillar taʼsiri sabab boʻlgani maʼlum boʻldi. Shundan soʻng hodisa oqibatlarini bartaraf etish borasida tuman Obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan manzilda tegishli tartibda ishlar olib borilgan.

Ekologiya boshqarmasi xabarida holat tufayli yetkazilgan zarar ham uning miqdori haqida ham maʼlumot keltirilmagan. Qolgan mutasaddi idoralar ham hozircha rasmiy izoh bergani yoʻq.

Maʼlumotlarga koʻra, katta daraxt toʻgʻridan-toʻgʻri yoʻlning qatnov qismiga qulab tushgan va uchta avtomobil — “Nexia”, “Spark” va BYDʼni bosib qolgan. Guvohlar hech kim jabrlanmagani, biroq avtomobillar texnik shikastlanganini aytmoqda.