Daraxt qulab tushishi oqibatida shikast yetgan avtomobil zararini kim qoplab beradi?

    Har bir mulkdor oʻz mulkini ehtiyot qilish choralarini koʻrishi maqsadga muvofiq.

    Baxtsiz hodisalar vaqtida, masalan kuchli shamol, daraxt qulab tushishi va hokazolar natijasida mol-mulkka shikast yetsa, yetkazilgan zararni davlat yoki boshqa shaxslar qoplab bermaydi.

    Agar mol-mulk ixtiyoriy ravishda sugʻurta qilingan boʻlsa, shartnoma shartlariga asosan yetkazilgan zarar sugʻurta tashkiloti tomonidan qoplab beriladi.

    Mulkiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha quyidagilar sugʻurtalanishi mumkin:

    • mol-mulkning yoʻqotilishi (nobud boʻlishi), kam chiqishi yoki shikastlanishi xavfi;
    • fuqarolik javobgarligi xavfi — boshqa shaxslarning hayoti, sogʻligʻi yoki mol-mulkiga zarar yetkazilishi oqibatida yuzaga keladigan majburiyatlar boʻyicha javobgarlik, qonunda nazarda tutilgan hollarda esa, shuningdek shartnomalar boʻyicha javobgarlik xavfi;
    • tadbirkorlik xavfi — tadbirkorlar aloqaga kirgan taraflardan biri oʻz majburiyatlarini buzishi yoki tadbirkorga bogʻliq boʻlmagan vaziyatlarga koʻra bu faoliyat shart-sharoitlarining oʻzgarishi tufayli tadbirkorlik faoliyatidan kutilgan daromadlarni ololmaslik xavfi.

    Bugungi kunda aholida transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish bilan bogʻliq notoʻgʻri tushunish boʻlishi mumkin. Mazkur sugʻurta majburiy, lekin transportga yetkazilgan zararni emas, yoʻl transport hodisasi natijasida boshqaga yetkazilgan zararni qoplab beradi.

    Shu sababli, har bir mulkdor oʻz mulkini ehtiyot qilish choralarini koʻrishi maqsadga muvofiq.