Daraxtlar nega kesildi?

    YAngibozor tuman Obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan noqonuniy ravishda 28 tup daraxt kesilgan.

    Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Xorazm viloyatidagi daraxt kesish holatlari aks etgan videotasvirlar yuzasidan rasmiy munosabat bildirildi.

    Jumladan, “YAngibozor tumanida 30 yillik daraxtlar kesilmoqda” sarlavhali video o'rganilganda YAngibozor istirohat bog'i hududida velosiped yo'lakchasi barpo etish maqsadida YAngibozor tuman Obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan noqonuniy ravishda 28 tup daraxt kesilgani aniqlandi.

    Aniqlangan holat yuzasida Xorazm viloyati ekologiya boshqarmasi tomonidan tegishli tartibda ma'muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, tabiatga etkazilgan zararni qoplash ishlari olib borilmoqda.

    Xorazm viloyati ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan yana bir “Gurlan ekobozori oldida velosiped yo'lakchasi quramiz deb, daraxtlar kesib tashlanmoqda" sarlavhali videotasvir yuzasidan o'rganish ishlari olib borildi.

    O'rganish ishlari davomida "Xorazm Gurlan ekobozori" oldidagi terak daraxtlarini Gurlan tumani eshimjiyron qishlog'ida yashovchi fuqaro T.A tomonidan kesib olinganligi aniqlandi.

    Aniqlangan holat yuzasidan fuqaro T.A ga nisbatan O'zbekiston Respublikasi “Ma'muriy javobgarlik to'g'risida”gi Kodeksning 79-moddasi 1-qismi bilan ma'muriy ish qo'zg'atilib, tabiatga etkazilgan zarar qoplandi, deb xabar beradi Xorazm viloyat ekologiya boshqarmasi matbuot xizmati.