Bundan tashqari, maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida ushbu huquqbuzarliklarni takror sodir etilgan uchun oʻn besh sutkagacha muddatga maʼmuriy qamoqqa olish choralari belgilanyapti.
Shu bilan birga, endilikda daraxtlar va butalarning qimmatbaho navlarini kesishga, kundakov qilishga, shikastlantirishga yoki yoʻq qilishga olib keladigan loyiha hujjatlarini ishlab chiqqanlik uchun ham maʼmuriy javobgarlik kiritilmoqda.
Bundan tashqari, noqonuniy daraxt kesganlik yoki kundakov qilganlik uchun Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 4 ta moddasiga asosan maʼmuriy javobgarlik belgilangan. Mazkur moddalarda bir xil maʼmuriy huquqbuzarlik uchun turli miqdordagi jarimalar va nomutanosiblik mavjudligi inobatga olinib, oʻzgartishlar orqali bir turdagi maʼmuriy xuquqbuzarlikka nisbatan bitta moddada bir xil javobgarlikni belgilash nazarda tutilgan.
Taʼkidlanganidek, mazkur Qonunning qabul qilinishi daraxtlar va butalarni qonunga xilof ravishda kesilishi, kundakov qilinishi, shikastlantirilishi yoki yoʻq qilinishi bilan bogʻliq maʼmuriy huquqbuzarliklarning oldini olish, bu borada jismoniy va yuridik shaxslarning masʼuliyatini oshirish, shuningdek huquqbuzarliklar profilaktikasi va davlat ekologik nazoratining samarali tashkil etilishiga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.