Oʻzbekiston ajoyib yurt-da. Quyoshining nuri oʻzgacha, shu boismi, mevalarining toti boʻlak. Suvining taʼmiga yetadigan suv taʼmini topish ham mushkul. Eng muhimi, vatanimizning shu betakrorliklarini inja hislar bilan qalamidan koʻnglidek oq qogʻozga toʻkib sola oladigan shoiru yozuvchilarimiz ham bisyor. Ularning taniqlilari qancha boʻlsa, el orasida yurib, xalqchil satrlari, yurakka yaqin asarlari bilan bilan odamlarning koʻnglini olay, deb kamtarlik bilan qalam tebratishdan tolmayotganlari ham shuncha. Qashqadaryolik Jumaqul Qurbonov ham shunday kamtarin ijodkorlar sirasidan. Vaholanki u oʻzining qator hikoya va qissalari, “Sardoba” nomli yirik romani bilan mutaxassislar eʼtiboriga ham tushgan. Uning taqlidchilikdan qochishi, samimiyati, tabiiyligi asarlarida shundoqqina namoyon boʻlib turadi. Muallifning birgina “Yurakdagi choʻgʻ”, “Togʻlar koʻz yoshlarga ishonadi” qissalarini oʻqigan kitobxon darhol uning oʻziga xos uslubini payqay oladi.

Yozuvchining 2020-yil “Qaqnus-media” nashriyoti tomonidan nashrga tayyorlangan “Dard” deb nomlangan toʻplamidan ana shu qissalar ham oʻrin olgan. Nazarimizda kitobning bunday nomlanishi “Dard” hikoyasining ustoz adiblar eʼtiborini ham torta olgani bilan bogʻliq boʻlsa ajabmas. Zero, hikoya davriy nashrlarda eʼlon qilingan paytlarda Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Oʻtkir Hoshimov uni alohida eʼtirof etib, “Dard”ning hayotiy va mangu ogʻriq ekanini aytgan edi.

Kitobga kiritilgan har bir asar ana shunday hayotiyligi, yuragingizni bir “jiz” ettira olishi bilan koʻnglingizga juda yaqin keladi. “Rayhon hidi”, “Ikki oʻrim soch”, “Muvozanat”, “Vafodor” kabi qator taʼsirchan, jonli hikoyalar asarning oʻziga xosligini taʼminlashga xizmat qilgan.

Bundan tashqari, toʻplamdagi “Adabiy oʻylar” ruknida taʼlim-tarbiyaga doir qator adabiy mulohazalarni ham oʻqishingiz mumkin. “Bir taʼmaning 1001 kasri”, “Bilimga maktab javobgar, tarbiyaga-chi?”, “Yetti oʻlchamay chiqarilgan qarorlar” kabi maqolalarda yozuvchi oʻqituvchi shaxsi, maktabdagi taʼlim-tarbiya muammolari xususida kuyunib gapiradi. Ularning har biri ayni bugunning gapi, bugunning dolzarb masalalari bilan hamohangdir.

Qisqacha aytganda, Jumaqul Qurbonov “Dard” nomi bilan taqdim etayotgan ushbu toʻplam oʻzining rang-barangligi bilan eʼtiborga loyiq. Kitob javonimizni ham son ham sifat jihatidan boyitguvchi ushbu kitob bilan barcha kitobxonlarimizni tabriklaymiz!