Mutasaddilarning joylarga borib amaliy  uchrashuvlar tashkil qilayotgani aholi uzogʻini yaqin, ogʻirini yengil qilish imkoniyatini ham bermoqda.

Yozyovon tumani “Yuqorisoyboʻyi” mahalla fuqarolar yigʻini hududida joylashgan 1-sonli kasb-hunar maktabida Fargʻona viloyat sudi raisining oʻrinbosari Boboxon Vahobov va sudyalar tomonidan sayyor qabul oʻtkazildi. Uchrashuv avvalida sud-huquq sohasidagi soʻnggi oʻzgarishlar, mavjud imtiyoz va imkoniyatlar haqida maʼlumotlar berildi.

Boʻlib oʻtgan sayyor qabulda 15 nafar fuqaro murojaati oʻrganildi va 4 ta murojaat shu joyning oʻzida ijobiy  yechim topdi.   Shuningdek sud qarorlari va ajrimlaridan norozi boʻlgan, turli ijtimoiy-iqtisodiy masalalarda huquqiy maslahat hamda koʻmak soʻrab kelgan fuqarolarning murojaatlari ham tinglanib, huquqiy tushuntirish berish orqali hal qilindi. 

Jinoyat ishlari boʻyicha Yozyovon tuman sudi tomonidan sayyor sud majlisi oʻtkazilib, probatsiya hisobida turgan 4 nafar shaxs tayinlangan jazodan muddatidan avval shartli ravishda ozod etildi.

Qoʻshtepa tumanida viloyat maʼmuriy sudning raisi D.Maxamatov raisligida boʻlib oʻtgan sayyor qabulda bandlik, tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish, oʻzini oʻzi band qilish uchun dastgohlar olish, uy-joy, moddiy yordam, taʼlim kontraktini toʻlashga koʻmaklashish, bank krediti ajratish, yashash sharoitlarini yaxshilash, subsidiyalar ajratish, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, ishga tiklash, sud qarori ijrosini taʼminlash, tibbiy xizmat, mahallalarni obodonlashtirish, elektr, gaz va suv taʼminoti, ijtimoiy muassasalar faoliyatini yaxshilash kabi masalalar yuzasidan qilingan aksariyat murojaatlari ijobiy hal etildi. Ayrim masalalarni  qoʻshimcha oʻrganish boʻyicha tegishli topshiriqlar berilib, ijrosi qatʼiy nazoratga olindi.

 Rasuljon Kamolov,

 “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri